Jahon | 09:47 / 28.10.2025
1951
3 daqiqa o‘qiladi

LRT: Boltiq davlatlaridagi firmalar RFning “soyadagi” tankerlarini yonilg‘i bilan ta’minlamoqda

Fast Bunkering kompaniyalari guruhiga bog‘liq Rina va Zircone nomli bunker tankerlari bir necha bor dengizda RFning “soyadagi” tankerlarini yonilg‘i bilan ta’minlagani aniqlandi, deb yozadi LRT jurnalistlari. Finlandiyada bir hafta ichida “soyadagi flot”ga mansub 31 tanker qayd etilgan.

Foto: Reuters

Latviya, Litva va Estoniya kompaniyalari tarmog‘i xalqaro sanksiyalarni buzgan holda RFdan neft tashuvchi “soyadagi flot” tankerlariga yonilg‘i quymoqda. Bu haqdagi ma’lumotlar 27 oktyabr, dushanba kuni Litvaning jamoatchilik-huquqiy mediakompaniyasi LRT e’lon qilgan jurnalistik surishtiruvda keltirilgan.

Nashrga ko‘ra, dengizda neft tashuvchi deb taxmin qilingan tankerlarni yonilg‘i bilan ta’minlash operatsiyalarida Fast Bunkering kompaniyalari guruhi ishtirok etgan. Jurnalistlar aniqlashicha, bevosita yonilg‘i quyish ishlarini ushbu guruhga bog‘liq firmalar nazoratidagi bunker tankerlar — Rina va Zircone — takroran amalga oshirgan.

Ularning ma’lumoticha, 2024 yil iyunidan 2025 yil martigacha Rina va Zircone “kemaga neft quyishning 286 operatsiyasini o‘tkazgan, 177 ta neft va neft mahsulotlari tashuvchi tankerni ta’minlagan, shularning kamida 159 tasi ushbu tashishlardan oldin yoki keyin Rossiya portlariga kirgan”.

Maqolada S&P Global moliyaviy-tahliliy kompaniyasi ma’lumotlari ham keltirilgan: 2024 yil apreligacha bo‘lgan 12 oy ichida Malta, Gretsiya, Ispaniya (Gibraltar), Niderlandiya va boshqa Yevropa davlatlari sohillari yaqinida Rossiyaning “soyadagi floti” tankerlariga kamida 3100 ta yonilg‘i quyish operatsiyasi amalga oshirilgan.

Yle fin mediakompaniyasi xabariga ko‘ra, Finlandiyada bir haftada Fin ko‘rfazi orqali o‘tgan RFning “soyadagi” 31 tankeri qayd etilgan. AFPga vaziyatni izohlar ekan, Finlandiya chegara xizmati rahbari Mikko Hirvi: “Rossiya dengiz tashishlari hozir Ukrainadagi urush boshlanishidan oldingi darajada,” deya baholadi. “Bu hodisa, harakat ‘soyadagi flot’ hisobiga amalga oshirilayotganini anglatadi,” — dedi u.

Joriy yil fevralidan YeI shunday turdagi 400 ta tankerga nisbatan sanksiyalar joriy etgan. Hirvining so‘zlariga ko‘ra, sanksiyalarni aylanib o‘tib, Rossiya neftini eski kemalarda tashish ekologik falokat xavfini keltirib chiqaradi. U eski kemalarning “yomon holati” va kapitanlar tomonidan yo‘l-yo‘lakay navigatsiya tizimlarini o‘chirib qo‘yish holatlari tufayli, ayniqsa Fin ko‘rfazi suvlarida atrof-muhitga tahdid “yaqqol yuqori” ekani haqida ogohlantirdi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid