Mikrokreditbank ATB To‘rtko‘l bank xizmatlari markazi xodimlari mijozlarning omonat pullarini talon-toroj qilganlikda gumonlanmoqda.

Kun.uz tanishgan tergov hujjatida keltirilishicha, jinoyat ishi bo‘yicha Mikrokreditbank ATB To‘rtko‘l bank xizmatlari markazining 14 nafar xodimi ayblanmoqda. Ular orasida markaz boshqaruvchisidan tortib kassirgacha bor. Gumonlanuvchilarning 3 nafariga qamoqqa olish tarzidagi, qolganlariga munosib xulq-atvorda bo‘lish haqidagi tilxat ehtiyot chorasi qo‘llangan.

Ayblov xulosasiga ko‘ra, Mikrokreditbank ATB bosh ofisi tomonidan Mikrokreditbank ATB To‘rtko‘l bank xizmatlari markazida 2022 yil 1 yanvardan 2024 yil 1 iyulgacha bo‘lgan davr oralig‘ida omonat pul mablag‘larining qabul qilinishi, saqlanishi va omonatchilarga qaytarilish holatlari yuzasidan tekshiruv o‘tkazilgan. Jarayonda markaz xodimlari til biriktirib, 17 nafar mijozning omonatga qo‘ygan 9 mlrd 577 mln so‘m mablag‘ini talon-toroj qilgani aniqlangan.

Markaz boshqaruvchisi rahbarligidagi uyushgan guruh a’zolari omonat pullarini quyidagi jinoiy reja asosida talon-toroj qilgani qayd etilgan:

· yangi mijozlar va oldindan bank mijozlari bo‘lgan shaxslar uzoq muddatli omonat hisoblarini ochish va pulini omonatga qo‘yish orqali daromad topishga qiziqtirilgan; 

· rasmiylashtirilgan omonat shartnomasi, omonat daftarchalari va boshqa hujjatlarga omonatga qo‘yilayotgan pul miqdorini kamaytirgan holda kiritishgan. Bu orqali mijozlar tomonidan taqdim etilgan pul mablag‘larini bank kassasiga kirim qilmaslik maqsad qilingan. Mijozlarga esa pul mablag‘lari to‘g‘ri ko‘rsatilgan hujjatlar taqdim etilgan; 

· so‘ngra pul mablag‘lari omonatchilarning hisobraqamlaridan ular haqida kiritilgan soxta ma’lumotlar asosida kassa xodimlarining elektron imzolari orqali naqd ko‘rinishda yechib olingan. Omonat hisobraqamlari esa muddatidan oldin tugatilgan;

· mijozlarning omonat hisobraqamlari butkul to‘xtab qolishi va yo‘q bo‘lib ketishining oldini olish maqsadida omonatchilarning xabarisiz yangi omonat va boshqa bank hisobraqamlari yaratilgan. Ushbu hisobraqamlarga bank kassasi orqali turli miqdorda pul mablag‘lari kirim qilingan. Bu orqali kelgusida noqonuniy ravishda chiqim qilingan pullarni hisobraqamlarga qaytarish orqali jinoiy harakatni yashirish maqsad qilingan; 

· jinoiy guruh a’zolari mijozdan soxta hujjatlar asosida qabul qilinib, bank kassasiga kirim qilinmagan hamda soxta qaydlar asosida bank hisobraqamlaridan chiqim qilingan pullarni jinoiy guruh rahbariga yetkazgan. To‘plangan pul mablag‘lari jinoiy guruhning 4 a’zosi o‘rtasida taqsimlangan. Shu tariqa, mijozlarning omonat pul mablag‘lari ularning bank hisobraqamlariga qaytarilmasdan talon-toroj qilingan.