O‘gay otasi tomonidan jinsiy zo‘ravonlikka uchragan 9 yashar qiz tergov xonasida “ukalaring ko‘chada qoladi” deb qo‘rqitilgan. 68 yoshli "ota" esa keksa odam, deya himoya ostida. Kun.uz suhbatlashgan onalar voyaga yetmagan qizlari boshidan kechirgan dahshatlar va o‘zlarining ilojsizlikdagi iztiroblarini so‘zlashdi. O‘z qizlariga ko‘z olaytirganlarning biri bolalarni himoya qiluvchi “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazida ishlagan.
Chora ko‘rilmagan har bir raqam — tirik bola. Tirik fojia. Va bu fojialar ortida aybdor faqat zo‘ravon emas — uni himoya qilib turgan tizim ham bor. Oxirgi vaqtda yuzaga chiqqan Namangan va Ohangaronda yosh bolalarning pedofil qurboniga aylanishi jamoatchilikni larzaga keltirdi. Ammo oilalarda yuz berayotgan va yashirin qolayotgan voqealar ko‘pligi xavotirli. Bu ko‘rsatuvimiz aynan o‘z uyida o‘z yaqinlari tomonidan xo‘rlanayotgan bolalar va ularni himoya qilolmayotgan tizim haqida.
1-holat: Toshkent viloyati, Nurafshon
Nigora Rossiyada ishlaydigan erining u yerda oilasi borligini bilgach turmushdan ajrashgan va yillar o‘tib bir qizchasi bilan boshqa turmush qurgan. Hozir u to‘rt farzandning onasi va 2-guruh nogironi. Hali 9 ga to‘lmagan katta qizi bir necha yildan beri o‘gay ota tomonidan jinsiy tegajog‘likka uchrab kelgan.
“Ichki ishlarga murojaat qilganimizda ham Bolalar ombudsmani Surayyo Rahmonova shaxsan qizim bilan gaplashdi. Men buni ko‘tara olmasdim (nogironlik sababli), chiqarib yuborib gaplashishdi. Va ma’lum bo‘ldiki, bola haqiqatan ham zo‘ravonlikka uchragan. Chunki u 9 yosh edi, bola ko‘rmagan narsasini bunday tasvirlay olmaydi, jinsiy hayotni boshdan o‘tkazmagan deyildi. Lekin bola 9 marta tergov qilinganda ham biror marta psixolog chaqirilmadi. Qizim gapira olmaydi, erkakdan qo‘rqadi. Shunda mening xatoyim ayol tergovchi so‘radim. Shunda ular ayol tergovchi jalb qilishdi, ammo keyinchalik bilsam u tergovchi emas, xatlar bo‘limida ishlaydigan ayol ekan. Shundan keyin erimning advokati “tergovga aloqasi yo‘q odam tergov qildi” deb butun boshli qilingan ishlarni yo‘qqa chiqardi”.
1-murojaatda erkak qamoqqa olinadi. Ammo tergov jarayonida bola bilan ishlash uchun psixolog jalb qilish talabi inobatga olinmaydi va bu erkak foydasiga ishlaydi. Qamoqdan ozod qilingan va bundan xulosa chiqarmagan erkak bu jinoyatini yana davom ettiradi. Endi qurbonlar 2 ta bo‘layotgan edi. U o‘zining qiziga nisbatan ham shunday harakatlar qilayotgan edi. Singlisining ham o‘zi kabi qurbon bo‘lishini istamagan qizcha onasiga buni aytadi.














