Fanlar akademiyasi Tarix instituti Toshkent viloyati hokimligi bilan hamkorlikda Qanqani «Ochiq osmon ostidagi muzey»ga tayyorlash bo‘yicha izlanishlarni davom ettirmoqda. Ilmiy guruh (institutning «Harbiy tarix markazi» va «Qadimgi dunyo tarixi» bo‘limlari) joriy yilgi qazuvlarda yodgorlik arkining quyi qatlamlarida joylashgan ibodatxona majmuasini o‘rgandi.
Qazishmalar chog‘ida metalldan ishlangan jangchi sovutining bo‘laklari topildi. Tarixchilarga ko‘ra, qadimda ibodatxonalar jamiyat madaniy hayotining markazi bo‘lib, odamlar bu yerga o‘zlari tayyorlagan eng yaxshi mahsulot yoki buyumlarni sovg‘a sifatida taqdim etgan. Shu asosda, sovut bo‘laklari ham qurolsoz usta tomonidan marosim sovg‘asi sifatida ibodatxonaga topshirilgan bo‘lishi ehtimol qilinadi.
Mutaxassislar bu topilmalarni turkiy xalqlarning harbiy an’analari va dunyoqarashi bilan bog‘liq muhim dalillar sifatida baholamoqda. 2021 yilgi qazuvlar davomida ibodatxona kirish qismida ot anjomlari aniqlangan bo‘lsa, bu yil topilgan sovut bo‘laklari Qanqada marosim-harbiy amaliyotlar izchil bo‘lganini yana bir bor tasdiqlaydi.











