Ukraina mudofaa vazirligining Bosh razvedka boshqarmasi (GUR) Donetsk oblastining Rossiya qo‘shinlari tomonidan qamal qilingan Pokrovsk shahrida harbiy operatsiya o‘tkazmoqda, deb yozadi Reuters.

Agentlikning Ukraina qurolli kuchlarining 7-desant-shturm qo‘shinlari operativ korpusidagi manbasiga tayanib yozishicha, Ukraina maxsus kuchlari bir necha kun oldin Black Hawk vertolyotida Rossiya dronlari faoliyati tufayli murakkablashgan operatsiya doirasida Pokrovskka qo‘ngan.

«Operatsiya Ukraina shu oyda ko‘p sonli rus harbiylari mudofaani yorib o‘tganidan keyin strategik ahamiyatga ega shahardagi vaziyatni barqarorlashtirish uchun qanday kurashayotganini ko‘rsatadi», – deya ta’kidlaydi agentlik.

The Economist muxbiri Oliver Kerroll X ijtimoiy tarmog‘ida Bosh razvedka boshqarmasi desantchilari vertolyot orqali Pokrovskka yaqiniga qo‘ngani aks etgan videoni tarqatdi. «Ukraina harbiy razvedkasi muhim logistika liniyalarini ochish uchun Pokrovsk chekkasida dadil qarshi hujum uyushtirmoqda», – deya yozgan jurnalist. U video haqiqiyligini mustaqil tarzda tasdiqlay olmaganini qo‘shimcha qilgan. Mustaqil OSINT-tadqiqotchilar ushbu tasvirlar (1,2) Pokrovskning shimoli-g‘arbiy chekkasida, so‘nggi haftalarda rossiyalik shturmchilar ilgarilashi qayd etilgan hududda olinganini aniqlashgan.

«Suspilne» va «RBK-Ukraina» nashrlari Ukraina qurolli kuchlaridagi manbaga tayanib, qarshi hujum o‘tkazilayotgani haqidagi ma’lumotni hamda e’lon qilingan video haqiqiyligini tasdiqlagan. Jurnalistlarning suhbatdoshlariga ko‘ra, Bosh razvedka boshqarmasi shturmchilari Pokrovskning Ukraina logistikasi uchun strategik ahamiyatga ega deb hisoblanadigan va RF mudofaa vazirligi allaqachon o‘z nazoratiga olganini e’lon qilgan hududlarga kirgan.

Ukrainadagi va g‘arb nashrlari manbalariga ko‘ra, operatsiyaga Bosh razvedka xizmati boshlig‘i Kirill Budanov shaxsan rahbarlik qilmoqda. Shu kunlarda jurnalistlar u Ukraina prezidenti ofisida kuchishlatar tuzilmalar va harbiylar ishtirokidagi yig‘ilishlarda ko‘rinish bermayotganiga e’tibor qaratishgandi.

Ukraina hukumati Pokrovskdagi operatsiyaga rasman izoh bermayapti. Ukraina qurolli kuchlari bosh shtabiga yaqinligi aytiladigan Deep State OSINT-loyihasi ma’lumotlari esa Pokrovskdagi vaziyat bo‘yicha jiddiy o‘zgarish yo‘qligini ko‘rsatmoqda.