29 oktyabr kuni AQSh prezidenti Donald Tramp Mudofaa vazirligi (Pentagon)ga «zudlik bilan» yadroviy qurol sinovlarini boshlash bo‘yicha topshiriq berganini e’lon qildi.

Tramp o‘z qarorini boshqa davlatlarning sinov dasturlari bilan asoslab, Rossiya va Xitoy qurollanish poygasida tafovutni qisqartirganini ta’kidladi.

Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, AQSh oxirgi marta yadroviy sinovni 1992 yili prezident katta Jorj Bush davrida o‘tkazgan.

Trampning yadroviy sinovlar haqidagi bayonoti siyosiy doirada ham, jamiyatda ham turli talqinlarga sabab bo‘ldi.

AQSh prezidenti portlovchi yadroviy kallaklarning to‘liq sinovini nazarda tutdimi yoki faqat yadroviy kallak tashishga qodir raketalarni sinashni nazarda tutdimi — bu hali noaniq. Biroq Tramp tomonidan AQSh strategik qo‘mondoni lavozimiga ilgari surilgan Richard Korrell buni ikki xil talqin qilish mumkinligini qayd etdi.

Korrellga ko‘ra, bu qaror «yadroviy sinovlar»ni anglatmaydi: «(Tramp) yadroviy qurol sinovlarini teng shartlarda boshlashni nazarda tutdi. (So‘nggi paytlarda) na Xitoy, na Rossiya yadroviy portlovchi moddalarni sinamagan. Shuning uchun men bu so‘zlarga ortiqcha ma’no bermayman va xulosa chiqarmayman».

Demokrat senator Jyeki Rozen «yadroviy qurol sinovlarini boshlash uchun hech qanday sabab yo‘q», deya bayonot berib, bunga yo‘l qo‘ymaslik uchun bor kuchini sarflashini bildirdi.

Ochiq manbalarga ko‘ra, yadroviy portlash — yadroviy reaksiya energiyasining juda yuqori tezlikda qasddan bo‘shatilishi natijasida yuzaga keladi. Bu reaksiya «yadroviy bo‘linish» yoki «yadroviy qo‘shilish», yoki ularning kombinatsiyasi bo‘lishi mumkin.

Yadroviy portlashda tez bo‘shatilgan energiya atrof-muhit bilan o‘zaro ta’sirga kirishib, yer, okean va atmosfera orqali tovush tebranishlarining tarqalishiga sabab bo‘ladi.

Yadroviy portlashlar o‘z ortidan atrof-muhitga uzoq muddatli va vayronkor ta’sir ko‘rsatuvchi radiatsiya qoldiradi. Sinovlar «atmosfera», «suvosti» va «yerosti» turlariga bo‘linadi.