Ukrainaning Pokrovsk shahri ayni damda frontdagi eng qaynoq nuqta bo‘lib turibdi. Rossiya 300 mingdan ko‘proq odam yashaydigan bu shaharda minglab ukrain qo‘shinlari qurshovda qolganini aytmoqda, Kiyev esa Pokrovsk saqlab qolinishiga ishonyapti. Xo‘sh, shaharda vaziyat qanday? Nega bu kichik shaharni olish uchun ruslar bir necha oydan buyon harakat qilyapti va nega Ukraina nima qilib bo‘lsa ham Pokrovskni saqlab qolmoqchi? Quyida shu haqda.
Donbass uchun muhim shahar
Ukrainaning Donetsk oblastida joylashgan Pokrovsk shahrida 2022 yil hisobi bo‘yicha 350 mingdan ko‘proq odam yashaydi. Hozir tabiiyki shaharda buncha odam yashamaydi. Ruslar Krasnoarmeysk deb ataydigan Pokrovsk Donbassdagi ko‘mir ishlab chiqaradigan markazlardan biri. Urush davrida Pokrovsk Ukraina armiyasi uchun muhim logistika markaziga aylandi. Bu shahar boy berilsa, Slavyansk va Kramatorsk tomon yo‘l ochiladi. Bu Ukraina Donbass nazoratini to‘liq boy berishiga olib kelishi mumkin.
«Ruslar hamma yerda»
Rossiya armiyasi shtab boshlig‘i Gerasimov prezident Putinga «5500 ming VSU askari qurshovda ekani» haqida hisobot bergandi. Bu gaplar qanchalik haqiqatga yaqinligini bilmadim, lekin Pokrovsk mudofaasida Ukraina jiddiy muammoga duch kelganga o‘xshayapti. Ukrain telekanaliga intervyu bergan, shahar uchun janglarda qatnashayotgan harbiylardan birining aytishicha, ruslarni shaharning barcha hududlarida uchratish mumkin. «Pozitsiyalar qo‘ldan qo‘lga o‘tmoqda, ruslar shaharning qaysidir qismida o‘rnashib oldi deb bo‘lmaydi», deb qo‘shimcha qilgan «Gus» chaqiruv nomli harbiy.
Rossiyalik harbiy tahlilchi Ruslan Leviyevning fikricha, Pokrovsk tez orada ruslar tomonidan egallanadi va Kiyev uchun uni saqlab qolish imkonsiz. Shuningdek, Leviyev Mirnograd va Pokrovskdan sharqdagi ukrain qo‘shinlariga ham oson bo‘lmasligini qo‘shimcha qilgan. Rossiya hozir bor e’tiborni Pokrovskni egallashga qaratgan va shu sabab Konstantinovka yo‘nalishida intensivlikni susaytirgani aytilmoqda. Ukrainalik sobiq harbiylar orasida ham Pokrovskni saqlab qolish imkonsiz ekani, harbiylar hayotini saqlab qolish muhimligi borasida chaqiruvlar yangrayapti.
«Saqlab qolamiz»
Ukraina harbiy rahbariyati esa Pokrovskni boy berishni istamayapti. Zelenskiy boshchiligida o‘tgan oxirgi yig‘ilishdan keyin shunday bayonotlar yangradi. Zelenskiy Pokrovsk yo‘nalishida «natija borligini» aytdi, lekin aynan qanday natija ekaniga to‘xtalmadi. Ukraina armiyasi bosh qo‘mondoni general Sirskiy ham o‘z sahifasida harbiylar bilan xarita ustidagi video e’lon qilib, «Pokrovsk va Mirnogradni saqlab qolamiz», deb yozdi.















