Bugun, 5 noyabr kuni O‘zbekiston U-17 jamoasi jahon chempionatidagi ishtirokini boshlaydi. Islombek Ismoilov boshchiligidagi o‘smirlar jamoasi dastlabki o‘yinda Paragvaydan kelgan tengqurlariga qarshi bahs olib boradi.

Uchrashuv starti Toshkent vaqti bilan soat 18:00 ga belgilangan. O‘yin Sport TV jonli efirida translatsiya qilinadi.

Guruhdagi keyingi o‘yinlar Irlandiya (8 noyabr) va Panama (11 noyabr) jamoalariga qarshi bo‘lib o‘tadi.

Saudiyadagi qahramonlik

Islombek Ismoilov boshchiligidagi jamoa aprel oyida Saudiya Arabistonida o‘tkazilgan Osiyo chempionatida jahon chempionati yo‘llanmasini qo‘lga kiritgandi.

O‘shanda jamoa avvalboshdan turnir chempionligi uchun asosiy favoritlardan biri ekanini namoyish etgandi. Guruh bosqichida dastlab Tailand 4:1 hisobida mag‘lub etilgan, ikkinchi turda Xitoy ustidan 2:1 hisobida irodali g‘alabaga erishilgan bu orqali guruh bosqichi va jahon chempionati yo‘llanmasini hal qilingandi. Uchinchi turda mezbon Saudiya Arabistoniga qarshi rasmiyatchilikka aylangan o‘yinda yirik 3:0 hisobida yakunlangandi.

Pley-offda esa avvaliga BAA 3:1 hisobida taslim etildi, yarimfinalda esa KXDR darvozasiga javobsiz 3 ta to‘p kiritildi, holbuki shimoliy koreyaliklar chorakfinalda Indoneziyani 6:0 hisobida mag‘lubiyatga uchratgandi.

Final esa chinakamiga dramatik tus oldi. O‘zbekiston vakillariga birinchi bo‘limning o‘zida ikki bor qizil kartochka ko‘rsatildi: avvaliga 39-daqiqada Nurbek Sarsenbayevga qo‘pollik uchun to‘g‘ridan to‘g‘ri qizil kartochka ko‘rsatildi va futbolchi maydonni ko‘zda yosh bilan tark etdi. Birinchi bo‘limga qo‘shib berilgan daqiqalarda esa Miraziz Abdukarimov «so‘nggi umid foli» uchun maydondan chetlatildi.

Lekin bu zarbalar jamoaga aks ta’sir ko‘rsatdi va futbolchilardagi ishtiyoq haddan ortiq darajada ortib ketdi. Ikkinchi bo‘lim boshida mezbonlar futbolchisi jarima maydoni ichida to‘pni qo‘li bilan o‘ynadi, Muhammad Hakimov esa belgilangan penaltini aniq ijro etib, hisobni ochdi.

70-daqiqada esa Sadriddin Hasanov tezkor qarshi hujumda raqib posboni bilan yakkama-yakka vaziyatga chiqib bordi hamda to‘pni uning oyoqlari orasidan o‘tkazib, ikkinchi golni urdi.

O‘yinning qolgan qismida hisob o‘zgarmadi va O‘zbekiston vakillari 9 kishi holatida g‘alabani saqlab qolib, Osiyo chempioniga aylandi.