Jahon | 18:22 / 06.11.2025
7982
3 daqiqa o‘qiladi

Germaniyalik hamshira 10 kishini o‘ldirgani uchun umrbod qamaldi

Erkak-hamshira tungi navbatchilik paytida ish yuklamasini kamaytirish uchun o‘zining asosan keksa bemorlariga katta miqdorda og‘riq qoldiruvchi yoki tinchlantiruvchi dorilar bergan.

Foto: Alamy

Germaniyada palliativ yordam bo‘limi hamshirasi 10 nafar bemorni o‘ldirish va yana 27 kishini o‘ldirishga urinishda aybdor deb topilgach, umrbod qamoq jazosiga hukm qilindi. Bu haqda BBC xabar berdi.

Prokurorlarning ta’kidlashicha, ismi oshkor etilmagan erkak-hamshira tungi navbatchilik paytida ish yuklamasini kamaytirish uchun o‘zining asosan keksa bemorlariga katta miqdorda og‘riq qoldiruvchi yoki tinchlantiruvchi dorilar bergan.

Jinoyatlar 2023 yil dekabridan 2024 yil mayigacha Germaniyaning g‘arbiy qismidagi Vyurzelen shahridagi shifoxonada sodir etilgan.

Qayd etilishicha, tergovchilar uning faoliyati davomida sodir bo‘lgan yana bir nechta shubhali holatlarni tekshirmoqda.

Frans Press (AFP) axborot agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, ismi oshkor etilmagan erkak 2007 yilda hamshiralik bo‘yicha o‘qishni tamomlaganidan so‘ng, 2020 yildan beri Vyurzelendagi shifoxonada ishlagan.

Aaxendagi sudda prokurorlar uning yuqori darajadagi parvarishga muhtoj bo‘lgan bemorlarga nisbatan «jahldorlik» va rahm-shafqatsizlik ko‘rsatganini ta’kidladi va uni o‘zini «hayot va o‘lim xo‘jayini» qilib ko‘rsatishda aybladi.

Sudga ma’lum qilinishicha, u tungi smenada ish yuklamasini kamaytirish uchun bemorlarga katta dozada morfin va midazolam (tinchlantiruvchi vosita) yuborgan.

U 2024 yilda hibsga olingan.

Sud umrbod qamoq jazosini tayinlashda erkakning jinoyatlari «aybning alohida og‘irligini» nazarda tutishini, bu esa uni 15 yildan keyin muddatidan oldin ozod qilish imkoniyatidan mahrum qilishi kerakligini ta’kidladi. Ta’kidlanishicha, u hukm ustidan shikoyat qilishi mumkin.

Prokurorlarning AFP nashriga ma’lum qilishicha, keyingi ehtimoliy qurbonlarni aniqlash uchun eksgumatsiya ishlari olib borilmoqda, natijada erkak yana sud oldida javob berishi mumkin.

Bu holat 2019 yilda Germaniya shimolidagi ikkita kasalxonada 85 nafar bemorni o‘ldirganlikda ayblanib, umrbod qamoq jazosiga hukm qilingan sobiq erkak-hamshira Nils Xyogel ishiga o‘xshaydi.

Sudning aniqlashicha, u 1999 yildan 2005 yilgacha o‘z qaramog‘idagi odamlarga o‘limga olib keladigan miqdorda yurak dorilarini yuborgan. U zamonaviy Germaniya tarixidagi «eng qonxo‘r qotil» hisoblanadi.

Mavzuga oid