Jahon | 07:36 / 07.11.2025
14565
2 daqiqa o‘qiladi

Uchta asosiy ko‘rsatkich bo‘yicha eng katta harbiy xarajatga ega davlatlar

2024 yilda eng yirik harbiy xarajatlar bo‘yicha yetakchi davlatlar - AQSh, Xitoy va Rossiya bo‘ldi. Ularning hissasiga jami jahon sarf-xarajatlarining yarmidan ko‘prog‘i to‘g‘ri keldi.

Foto: REUTERS

Jahon miqyosida harbiy xarajatlar rekord darajadagi 2,7 trln dollarga yetdi, bir yil ichida 9,4 foizga oshdi. Geosiyosiy taranglik oshgan sharoitda dunyodagi besh mintaqaning barchasi ikkinchi yil ketma-ket o‘z harbiy budjetlarini ko‘paytirdi.

Yuqorida keltirilgan yangi infografika Iqtisodiyot va tinchlik instituti ma’lumotlari asosida uchta asosiy ko‘rsatkich bo‘yicha eng yuqori militarizatsiya darajasiga ega mamlakatlarni ko‘rsatadi.

Eng yirik harbiy xarajatlarga ega davlatlar ro‘yxatida AQSh peshqadam. 949 mlrd dollarlik budjetga ega AQShning dunyo bo‘ylab 4 790 ta harbiy obektida 1,5 million harbiy xodimi bor. Keyingi o‘rinda 450 mlrd dollar sarflayotgan Xitoy boryapti. Uchinchi o‘ringa Rossiya joylashdi — hisob-kitoblarga ko‘ra, u xarajatlarni 38 foizga oshirgan.

Aholi jon boshiga harbiy xarajatlar bo‘yicha esa KXDR katta farq bilan birinchi o‘rinni egallaydi. Saudiya Arabistoni bilan chegaradosh, Fors ko‘rfaziga qarashli kichik davlat Qatar quruqlik, flot va harbiy-havo kuchlarini keng ko‘lamda modernizatsiya qilayotgani tufayli ikkinchi o‘rinda. Qizig‘i shundaki, betaraf davlat sifatida qaraladigan Singapur ushbu ko‘rsatkich bo‘yicha uchinchi o‘rinni egallaydi. Bundan tashqari, Singapur o‘nlab yillar davomida mudofaaga yalpi ichki mahsulotning taxminan 3 foizini barqaror ravishda yo‘naltirib kelyapti — bu ko‘plab Yevropa davlatlari xarajatlaridan yuqori.

KXDR yalpi ichki mahsulotdagi mudofaa ulushi bo‘yicha ham dunyoda yetakchi — u o‘tgan yili 34 foizga yetdi. Ikkinchi o‘rinda Ukraina — YaIMning 17 foizi. Uchinchi o‘rinni Afg‘oniston egalladi.

Mavzuga oid