Uchrashuvda O‘zbekistonda kosmik texnologiyalarni rivojlantirish, xalqaro sheriklikni mustahkamlash va sohada inson kapitali salohiyatini oshirish masalalari muhokama qilindi. Vazir Shermatov fan va innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlash, yosh tadqiqotchilar uchun imkoniyatlar yaratish va mamlakatning xalqaro kosmik dasturlarda ishtiroki muhimligini ta’kidladi.
Tomonlar uzoq muddatli hamkorlik doirasida:
- qo‘shma ilmiy tadqiqotlar va kadrlar almashinuvi dasturlari;
- Haven-1 orbital stansiyasi missiyalarida o‘zbek mutaxassislari ishtirok etishi;
- Haven-2 loyihasi doirasida sun’iy gravitatsiya, hayotni ta’minlash tizimlari va orbital me’morchilik bo‘yicha tadqiqotlarga o‘zbek olim-muhandislarni jalb etish kabi yo‘nalishlarni belgilab oldi.

Shuningdek, amaliy hamkorlikni kengaytirish maqsadida ta’lim, stajirovka, kadrlar tayyorlash va qo‘shma laboratoriyalar tashkil etish bo‘yicha tashabbuslar ilgari surildi.
Uchrashuv yakunida imzolangan memorandum O‘zbekiston mutaxassislarining xalqaro kosmik dasturlar va orbital texnologiyalar loyihalarida ishtirokini kengaytirish bo‘yicha keyingi qadamlarni belgilaydi.

Ma’lumot uchun, Vast — AQShdagi xususiy aerokosmik kompaniya bo‘lib, kelajakda sun’iy gravitatsiyali stansiyalar hamda ko‘p modulli platformalarni ishlab chiqishni maqsad qilgan. Kompaniyaning birinchi loyihasi — Haven-1 — keyingi avlod stansiyalari, jumladan Haven-2, uchun poydevor vazifasini o‘taydi.











