Yaqinda Vashingtonda o‘tgan “S5+1” sammitida Qozog‘istonning “Ibrohim kelishuvlari”ga qo‘shilishi haqida e’lon qilindi. Bu qaror mintaqa geosiyosiy muvozanatiga ta’sir qiladimi? Siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov Kun.uz'dagi kolonkasida kelishuvning mohiyati, AQShning maqsadlari va Qozog‘istonning bu loyihadagi o‘rnini tahlil etadi.
Yaqinda Vashingtonda Markaziy Osiyo besh davlat rahbarlari va AQSh Prezidenti Tramp ishtirokidagi “S5+1” sammiti bo‘lib o‘tdi. Bu sammitda aytilgan eng muhim yangiliklardan biri, bu “Ibrohim kelishuvlariga” Qozog‘istonning qo‘shilishi bo‘ldi. Xo‘sh, “Ibrohim kelishuvlari” nima, uning asosiy maqsadi va vazifalari nimalardan iborat va bu kelishuvga qo‘shni Qozog‘istonning qo‘shilishi – nimani o‘zgartiradi yoki anglatadi?
1948 yilda Isroil davlati tashkil topgach, bu yangi davlat borgan sari Falastin yerlarini bosib olish hisobiga kengaydi. Isroil tashkil topishi jarayonida arab davlatlari, qolaversa, ko‘plab musulmon davlatlari bu yangi davlatni birgalashib tan olish-olmaslik borasida kelishuvga erishishdi. Bu kelishuvni “Tan olmaslik borasidagi pakt” deb nomlashdi. Maqsad – Isroil tashkil topganda, Falastin ham tashkil topishiga erishish, davlat sifatida e’tirof etilishini, falastinliklarning haq-huquqlarini himoya qilish edi. Biroq yillar davomida Isroil kengayaverdi, Falastin hududlari tortib olinaverdi, falastinliklar esa darbadar bo‘lib qolaverdi.
Shu sabab arab davlatlari 1979 yilga qadar Isroilni tan olmadi, u bilan tinchlik kelishuvlariga bormadi. Bu holatni birinchi bo‘lib Misr Arab Respublikasi 1979 yilda buzdi va Isroil bilan diplomatik aloqalar o‘rnatib, bosib olingan Sinay yarimorolini qaytarib oldi. Yana o‘n besh yil tanaffus bo‘ldi va 1994 yilga kelib Isroil bilan Iordaniya diplomatik aloqalar o‘rnatdi. Bunda AQSh Prezidenti Klintonning vositachiligi muhim edi. Shu bilan, keyingi o‘ttiz yilda biron bir davlat Isroilni rasman tan olmadi, diplomatik aloqalar o‘rnatmadi. Toki AQSh hokimiyatiga 2017 yilda Tramp kelmagunicha.
Tramp o‘zining birinchi to‘rt yillik vakolati vaqtida Yaqin Sharq bo‘yicha eng katta loyiha sifatida “Ibrohim kelishuvlari”ni o‘rtaga tashladi. Tramp loyihasiga ko‘ra, mintaqaning barcha davlatlari Isroilni tan olishi, u bilan diplomatik va savdo iqtisodiy aloqalarni o‘rnatishi hamda kuchaytirishi kerak edi. Ibrohim kelishuvlari loyihasiga ko‘ra, Yaqin Sharq – AQShning ta’siri va nazorati ostida bo‘lgan va markazida Isroil manfaatlari turadigan makro mintaqa bo‘lishi kerak edi. Ibrohim kelishuvlariga ko‘ra, Tramp barcha mintaqa davlatlarini o‘zaro yarashtirib, bu mintaqadan Xitoy Xalq Respublikasi, Rossiya Federatsiyasi va ularning yaqin ittifoqchilarini “o‘yindan” chiqarishni niyat qilgan edi. Shu sabab Tramp mintaqa davlatlariga jiddiy bosim qildi va bu bosimlar o‘z mevasini berdi ham.







