Turkiya futbolida istalgan voqea ro‘y berishi mumkin: mushtlashuvlar, boykotlar, korrupsiya bo‘yicha ayblovlar – bular Superliga uchun odatiy manzara. Ammo bu safargi voqealar barchasidan oshib tushdi. Yuzdan ortiq turk hakamlari va mingdan ortiq futbolchilar totalizator o‘ynab kelishi oshkor bo‘ldi.
Stavkachi hakamlar
Shov-shuvli «stavka ishi» oktyabr oyi oxirida boshlangandi. 2024 yilda Turkiya futbol federatsiyasi prezidentligiga kelgan Ibrohim Hojiusmono‘g‘li islohotlar bo‘yicha va’dalariga amal qildi hamda Istanbulda bo‘lib o‘tgan maxsus matbuot anjumanida bir necha oy davom etgan keng ko‘lamli ichki tergov yakunlari haqida hisobot berdi.
Natijalar esa hayratlanarli edi.
Hojiusmono‘g‘li 571 nafar hakamdan 371 nafarining bukmekerlik idoralarida akkauntlari borligi, ulardan 152 nafari esa muntazam ravishda o‘yinlar natijalari uchun pul tikib kelishi aniqlanganini ma’lum qildi.
Federatsiya ma’lumoiga ko‘ra, bu ishga aralashganlar orasida Superligada ishlovchi yetti bosh hakam hamda o‘n besh nafar qanot hakamlari bor. Nomlar ochiqlanmadi, ammo klublar shaffoflik talab qilishmoqda.
1 noyabr kuni Turkiya futbol federatsiyasi dastlabkich jazo choralarini e’lon qildi: 149 nafar hakam sakkiz oydan bir yilgacha bo‘lgan muddatga diskvalifikatsiya qilindi. Ular orasida totalizatorga mukkasidan ketgan bir hakam 18 mingdan ortiq stavka tikkani ma’lum bo‘lgan — uning shaxsi va qo‘llangan jazo chorasi oshkor qilinmagan. Yana uch nafar hakam bo‘yicha surishtiruv ishlari davom etmoqda.
Jami hakamlarning to‘rtdan bir qismi chetlatilganiga qaramay, federatsiya xorijdan arbitrlar jalb qilmoqchi emas.
Futbolchilar ham «qo‘lga tushdi»
Ikki hafta o‘tib turk matbuoti shokka tushiruvchi raqamlarni qo‘lga kiritdi: 1000 dan ortiq futbolchi Turkiya futbol federatsiyasi tekshiruvlaridan o‘ta olmadi.
Ibrohim Hojiusmono‘g‘li oktyabr oyi oxirida bunday tekshiruv futbolchilarga nisbatan ham olib borilishini ma’lum qilgandi – prezidentning so‘zlariga ko‘ra, betting-kontoralarda qariyb 4 ming futbolchida akkaunt borligi aniqlangan.
«Raqamlarni ko‘rganimda qayg‘uga tushdim. Biz o‘n besh nafar hakam bo‘lishini kutgandik, amalda esa – 350 dan ortiq kishi chiqdi. Endi esa 3700 futbolchi tekshirilmoqda. Ro‘yxatdan o‘tganlik uchun jazo yo‘q – ular shunchaki o‘yinlarni kuzatib borishi mumkin. Ammo stavka qo‘yish – bu endi jinoyat. Biz ishlashda davom etamiz», – degandi federatsiya prezidenti.









