AQSh Immigratsiya va bojxona politsiyasi (ICE) ma’lumotlariga ko‘ra, Ahror Bozorov 2023 yil fevral oyida Amerikaga noqonuniy ravishda kirib kelgan. U chegarada Qo‘shma Shtatlar chegara xizmati tomonidan ushlansa-da, keyinchalik Bayden ma’muriyati davrida mamlakat ichiga kirishga ruxsat berilib, 2024 yil yanvar oyida ishlash uchun rasmiy ruxsatnoma olgani qayd etilmoqda.

ICE’ning xabar berishicha, Ahror Bozorov 9 noyabr kuni Kanzas shtatida yuk mashinasini haydab ketayotgan paytida qo‘lga olingan. U Pensilvaniya shtatidan tijorat haydovchilik guvohnomasi (CDL) olgan bo‘lib, unda Ahror Bozorov Filadelfiya shahrining Somerton tumanida yashashi ko‘rsatilgani aytilgan.

Ma’lumot uchun, Pensilvaniya shtatida fuqaroligi bo‘lmaganlarga haydovchilik guvohnomasi berish masalasi bo‘yicha siyosiy tortishuvlar davom etyapti, litsenziya berish jarayonida muhojirlik maqomi elektron tizim orqali tekshiriladi.

Ahror Bozorov ishi AQShda tijorat haydovchilik guvohnomasini olgan muhojirlarga nisbatan nazoratni kuchaytirish haqidagi bahslar kuchaygan bir paytga to‘g‘ri kelgani qayd etilmoqda.