O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.

BMT G‘azo bo‘yicha AQSh rezolyutsiyasini qabul qildi

17 noyabr kuni BMT Xavfsizlik Kengashi G‘azodagi urushni tugatish bo‘yicha AQSh tomonidan tayyorlangan rezolyutsiyani qabul qildi. BMT rezolyutsiyasi — o‘tish davri boshqaruv organini qonuniylashtirish hamda G‘azoga qo‘shin yuborishni ko‘rib chiqayotgan davlatlarni ishontirish uchun muhim qadamdir.

Rezolyutsiya matnida a’zo davlatlar o‘tish davri hokimiyati sifatida ko‘zda tutilgan Tinchlik Kengashida ishtirok etishi mumkinligi aytiladi.

Ushbu rezolyutsiya prezident Donald Trampning sulh rejasini qo‘llab-quvvatlaydi: rezolyutsiya G‘azoda qurolsizlantirish jarayonini, jumladan, qurollarni utilizatsiya qilish va harbiy infratuzilmani yo‘q qilish orqali ta’minlaydigan xalqaro barqarorlashtirish kuchlariga ham ruxsat beradi.

Hamas esa bayonotida qurolsizlanmasligini yana bir bor takrorlab, Isroilga qarshi kurashini «legitim qarshilik» deb ta’rifladi. Bu pozitsiya esa guruhni xalqaro kuchlar bilan to‘qnash kelishi ehtimoli bilan yuzma-yuz qo‘yadi.

«Rezolyutsiya G‘azo sektoriga xalqaro vasiylik mexanizmini yuklaydi, buni xalqimiz va ularning fraksiyalari rad etadi», — deyiladi Hamas bayonotida.

Falastin ma’muriyati rezolyutsiyani olqishlab bayonot chiqardi va uni amalga oshirishda ishtirok etishga tayyor ekanini bildirdi. Tramp esa ovoz berishni ijtimoiy tarmoqlarda «haqiqiy tarixiy ahamiyatga ega lahza» sifatida nishonladi. «Kengash a’zolari va yana ko‘plab qiziqarli e’lonlar kelgusi haftalarda e’lon qilinadi», — deb yozdi Tramp.

Veto huquqiga ega bo‘lgan Rossiya avval rezolyutsiyaga qarshi chiqish ehtimolini bildirgan edi, biroq Xitoy ham, Rossiya ham ovoz berishda betaraf bo‘ldi. Ularning BMTdagi elchilari, hujjat BMTga G‘azoning kelajagida aniq rol bermayotganidan shikoyat qilishdi.

«Aslida kengash – Vashingtonning va’dalariga asoslanib, tashabbusga o‘z roziligini bermoqda. G‘azo sektoriga to‘liq nazoratni Tinchlik Kengashi va ISFʼga topshirmoqda. Biz esa hozircha bu tuzilmalarning qanday ishlashi haqida hech narsa bilmaymiz», — dedi Rossiyaning BMTdagi elchisi Vasiliy Nebenzya.

Falastinliklar uchun davlat tuzishning kelajakdagi ehtimolini tilga olingan hujjat matni esa Isroilda bahs uyg‘otdi. Ular to‘laqonli Falastin davlatiga bo‘lishiga qat’iy qarshilik qilmoqda.