Kuzatuvchilar fikriga ko‘ra, Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi Muhammad bin Salmonning AQShga bu safari, u yerda uni 18 noyabr kuni prezident Donald Tramp qabul qiladigan bo‘lsa, ikki asosiy natijaga olib keladi: do‘stona muhit va bir qator imzolangan hujjatlar.
"Ikki tomon ham muzokaralar ulkan muvaffaqiyat bilan yakunlanganini ko‘rsatadigan yirik bitim yoki bir necha kelishuvlarga erishishni xohlaydi", – deya fikr bildirdi DW'ga Londondagi Chatham House tahliliy markazining Yaqin Sharq va Shimoliy Afrika dasturi bo‘yicha ilmiy hamkori Nil Kuillim.
Mutaxassislar bahosicha, shahzoda bin Salmon uchun bu safar uning Vashingtondagi siyosiy sahnaga butunlay qaytishi ramzi hisoblanadi. Uning oxirgi marta 2018 yilda AQShga qilgan safari Saudiya hokimiyati tanqidchisi Jamol Qoshiqchining Istanbuldagi Saudiya konsulxonasida o‘ldirilishi ortidan kelib chiqqan qattiq noroziliklar soyasida o‘tgan edi. Jurnalist o‘ldirilishi ortida Saudiya Arabistoni turibdi, degan fikr keng tarqalgan.
Shundan beri uning AQSh bilan ikki tomonlama aloqalari katta darajada tiklandi. 2025 yil yanvar oyida Tramp Oq uyga qayta kelganidan so‘ng ilk xorijiy tashrifini Ar-Riyodga amalga oshirdi va u yerda saudiyaliklar Amerika iqtisodiyotiga 600 milliard dollar sarmoya kiritishini e’lon qildi.
Bu safar esa Vashingtonda tomonlar, ehtimol, sun’iy intellekt (SI), investitsiyalar, mudofaa va xavfsizlik sohasidagi hamkorlik, shuningdek Yaqin Sharqdagi beqaror vaziyatni inobatga olgan holda yadroviy energetika masalalarini muhokama qiladi.
Iyun oyida Isroil va AQSh Eronning yadroviy obektlariga havodan zarbalar bergan edi. Sentyabrda isroilliklar Qatarda joylashgan HAMAS Falastin harakati rahbarlari vakillariga hujum qildi. Oktyabrda esa AQSh vositachiligida HAMAS va Isroil o‘rtasida erishilgan o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvi G‘azo sektorida deyarli ikki yil davom etgan urushga yakun yasadi.
"Shahzoda bin Salmon Tramp Qatar bilan imzolagan kelishuvdan kam bo‘lmagan darajada xavfsizlik bo‘yicha kelishuvga erishishni istaydi", – deya taxmin qildi Chatham House markazidan Nil Kuillim.
Sentyabr oyida Isroil Dohada bo‘lgan HAMAS rahbarlariga hujum qilganidan so‘ng, Tramp Qatar bilan ikki tomonlama kelishuvlar tuzib, unga xavfsizlik kafolatlarini taqdim etgan edi. Prezident farmoni bilan kuchga kirgan bu kelishuv Senat ratifikatsiyasini talab qilmaydi, shuning uchun, ehtimol, Trampning ikkinchi prezidentlik muddati tugagach, uning amal qilish muddati ham yakunlanadi.















