Jahon | 15:41 / 19.11.2025
4570
3 daqiqa o‘qiladi

Oliy Radada hukumatni qisman emas, to‘liq iste’foga chiqarish talabi mojaroga aylandi

Keng ko‘lamli korrupsiya mojarosi sharoitida Ukraina parlamenti adliya va energetika vazirlarini iste’foga chiqarish masalasini ko‘rib chiqishi kerak edi. Biroq muxolifat butun hukumat iste’fosini talab qilib, minbarni bloklab qo‘ydi.

Foto: Andrii Nesterenko/REUTERS

Ukraina Oliy Radasi 18 noyabr kuni adliya vaziri German Galushchenko va energetika vaziri Svetlana Grinchuk iste’fosi uchun ovoz bera olmadi, chunki «Yevropeyskaya solidarnost» partiyasi fraksiyasi vakillari minbarni bloklab qo‘ydi.

Kun tartibiga faqat Galushchenko va Grinchukni lavozimidan ozod etish masalasi kiritilgan edi. Ammo «Yevropeyskaya solidarnost» vakillari faqat ikki vazir emas, balki bosh vazir Yuliya Sviridenko hukumatining to‘liq tarkibini iste’foga chiqarishni talab qildi. Shundan keyin Oliy Rada raisi Ruslan Stefanchuk majlisni yopdi.

Galushchenko 12 noyabr kuni «Energoatom» kompaniyasidagi korrupsiya ishi bo‘yicha shov-shuvli tergov fonda Ukraina adliya vaziri sifatidagi vazifalarini bajarishdan chetlatilgan edi. O‘sha kuniyoq Svetlana Grinchuk ham iste’fo haqida ariza bergan.

Majlis arafasida Ukraina sobiq prezidenti va «Yevropeyskaya solidarnost» partiyasi rahbari Pyotr Poroshenko butun Ukraina hukumatini iste’foga chiqarishga chaqirgan edi. Faqat ikki vazir lavozimini yo‘qotganini u «profanatsiya» deb atadi va «oshkor qilingan yozuvlarda kamida besh mansabdorning familiyasi tilga olinadi», deya qo‘shimcha qildi.

Ukraina Milliy antikorrupsiya byurosi (NABU) va Maxsus antikorrupsiya prokuraturasi (SAP) 10 noyabr kuni davlatga qarashli energetika kompaniyasi «Energoatom» atrofida keng ko‘lamli korrupsiya sxemasi fosh etilganini ma’lum qildi.

Mojaro markazida Ukraina hukumatining bir qator vazirlari, prezidentning ko‘p yillik hamkori Timur Mindich va moliyachi Aleksandr Tsukerman qolgan. O‘sha kuniyoq huquqni muhofaza qiluvchi organlar Mindich uyida, «Energoatom»da, shuningdek Ukraina adliya vaziri German Galushchenko ofisida tintuv o‘tkazdi. Mindich esa bundan oldin Ukrainadan chiqib ketgan edi.

12 noyabr kuni Zelenskiy vazifalari ikki kun oldin to‘xtatib qo‘yilgan adliya vaziri German Galushchenko va energetika vaziri Svetlana Grinchukni ishdan bo‘shatishni talab qildi. Ikkala vazir ham Zelenskiy bayonotini ortidan deyarli darhol iste’fo arizasini taqdim etdi. 13 noyabr kuni esa Zelenskiy Mindich va Tsukermanga qarshi sanksiyalar joriy etish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid