Jahon | 13:54 / 19.11.2025
2018
3 daqiqa o‘qiladi

Yevropa Ittifoqi «soyadagi flot»ni cheklash uchun yangi lavozim joriy etdi

Yevropa Ittifoqi «soyadagi flot»ni Rossiya uchun daromadning eng muhim manbalaridan biri, deb hisoblaydi va unga qarshi kurash choralarini kuchaytirmoqda. Keyingi qadamlar 20 noyabr kuni tashqi ishlar bo‘yicha YeI Kengashi majlisida muhokama qilinadi.

Foto: Damien Meyer/AFP

Yevropa Ittifoqining tashqi siyosat xizmatida sanksiyalarni chetlab o‘tib, Rossiya neftini tashuvchi «soya floti»ga qarshi kurash bo‘yicha koordinator lavozimi joriy etildi. Bu haqda 18 noyabr kuni Bryusselda bo‘lib o‘tgan brifingda YeIning yuqori martabali mansabdori ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, yangi lavozim YeIga a’zo davlatlar o‘rtasida «soya floti» haqidagi ma’lumot almashinuvini tizimlashtirish va birgalikda yanada samarali qarshi choralarni ishlab chiqish maqsadida tashkil etilgan.

YeI vakili sanksiyalarga qaramay, Rossiya neftiga nisbatan cheklovlar «soya floti» yordamida tizimli ravishda chetlab o‘tilayotganini tasdiqladi. Yevropa Ittifoqi va unga hamkor mamlakatlar bu flot tarkibidagi tobora ko‘proq kemalarni qora ro‘yxatga kiritayotganiga qaramay, bu holat davom etmoqda. Bundan tashqari, sug‘urtalanmagan va eski kemalar atrof-muhit hamda dengizdagi xavfsizlik uchun xavf tug‘dirmoqda.

Mansabdor shaxsning aytishicha, bir qator sabablarga ko‘ra, Yevropa Ittifoqida «soya floti»da ishtirok etayotgan barcha kemalar haqida to‘liq ma’lumot yo‘q. Masalan, kemalar tez-tez o‘z nomini, mulkdorlik tuzilmasini va ro‘yxatdan o‘tgan mamlakatini o‘zgartiradi, soxta bayroqlar yoki vaziyatdan foyda ko‘rishga intiladigan (opportunist) davlatlar bayroqlari ostida suzadi.

Yuqori martabali mansabdorga ko‘ra, «soya floti»ga qarshi kurash va u bilan bog‘liq «Rossiya iqtisodiyotiga zarar yetkazish» usullari 20 noyabr kuni Bryusselda bo‘lib o‘tadigan YeI tashqi ishlar Kengashi majlisidagi asosiy mavzulardan biri bo‘ladi.

Xususan, tashqi ishlar vazirlari xalqaro dengiz huquqi doirasida joriy etilishi mumkin bo‘lgan cheklovlar, soxta kompaniyalarga nisbatan qo‘shma tergovlar va «soya floti»ga qarshi kurashda G7, hamkor va o‘xshash pozitsiyaga ega mamlakatlar bilan yanada yaqinroq hamkorlik masalalarini muhokama qiladi.

Bryusselda Vashingtonning Rossiyaga nisbatan sanksion bosimni yana kuchaytirgani imkoniyat sifatida ko‘rilmoqda. «Hozir, AQSh sanksiyalar siyosatiga qaytib, G7 davlatlari bilan yanada yaqin hamkorlik qilish niyatini bildirgan bir paytda, sanksiyalar masalasida, shu jumladan ‘soya floti’ga nisbatan ham, yangi va kuchliroq turtki paydo bo‘ldi», — dedi mansabdor.

Uning fikricha, transatlantik hamkorlikning tiklanishi Yevropa Ittifoqi tomonidan ushbu masalada qabul qilinishi kutilgan qarorlarning siyosiy ahamiyatini yanada oshiradi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid