So‘nggi paytlarda Eron va Qirg‘iziston siyosatchilari poytaxtni ko‘chirish zarurati haqida gapirishyapti. Bunday holatni O‘zbekiston ham o‘z boshidan o‘tkazgan. Xo‘sh, bundan 95 yil oldin nima uchun respublika poytaxti Samarqanddan ko‘chirilgan va nega aynan Toshkent tanlangan edi?
Davlatlarning poytaxti o‘zgarishi – jahon tajribasida ahyon-ayohda ro‘y berib turadigan holat. Sabablar esa turlicha bo‘ladi. Masalan, bir necha kun oldin Eron prezidenti Mas’ud Pizishkiyon Tehrondagi suv yetishmovchiligi va yer cho‘kishi sababli poytaxtni Fors ko‘rfazi tomonga – Dubayning qarshisiga ko‘chirish rejalashtirilayotganini ma’lum qildi. So‘nggi haftalarda qo‘shni Qirg‘izistonda ham siyosatchilar turli sabablar bilan poytaxtni Bishkekdan Manas shahriga ko‘chirish haqida gapira boshladi.
Mamlakat ma’muriy markazini ko‘chirish tajribasi O‘zbekistonda ham bor. Bundan 95 yil oldin respublikaning siyosiy va ma’muriy markazi kutilmaganda Samarqanddan Toshkentga ko‘chirilgan edi. Xo‘sh, nima uchun bunday qarorga kelingan va poytaxt sifatida nega aynan Toshkent tanlangan? Bugun shu haqda gaplashamiz.
Markaziy Osiyoning bo‘lib yuborilishi
SSSR deb atalgan kommunistik davlat tashkil topgach, Markaziy Osiyo xalqlarini bo‘lib tashlash boshlanadi. Asosiy maqsad – sun’iy chegaralar orqali mintaqa davlatlari o‘rtasida keskinlik paydo qilish edi. O‘sha paytda millat yetakchilari sifatida maydonga chiqqan jadidlar bu hududda umumiy Turkiston yaratish g‘oyasini ilgari surgan bo‘lsalar-da, bu amalga oshmay qoldi. 1924 yil sentabr-oktyabr oylarida o‘tkazilgan milliy-hududiy chegaralanish natijasida O‘rta Osiyo hududidagi Turkiston ASSR, Buxoro va Xorazm respublikalari o‘rnida oltita milliy davlat birlashmalari tashkil etildi.
Shu tariqa, 1924 yil 27 oktyabr kuni O‘zbekiston SSR tuzildi va uning tarkibiga yettita viloyat: Samarqand, Zarafshon, Qashqadaryo, Surxondaryo, Farg‘ona, Toshkent va Tojikiston avtonom respublika sifatida kiritiladi. 1929 yilda Tojikiston alohida ittifoqdosh davlat sifatida O‘zbekistondan ajralib chiqadi. Keyinchalik 1936 yilda Qoraqalpog‘iston O‘zSSR tarkibiga qo‘shiladi va xaritada bugungi O‘zbekistonning shakli yuzaga keladi.














