Turizm | 09:51 / 22.11.2025
3403
4 daqiqa o‘qiladi

Barcha viloyatlarda avtomobildan xoli hududlar tashkil etildi

Turizm qo‘mitasi tashabbusi bilan O‘zbekistonning barcha viloyat va shaharlarida sayyohlar hamda aholi uchun piyodalarga qulay, avtomobil harakatidan xoli maxsus hududlar tashkil etildi. Ushbu zonalarda erkin piyoda yurish, dam olish va madaniy hordiq chiqarish uchun sharoitlar yaratilmoqda.

Turizm qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, sayyohlarga qulaylik yaratish, har bir hududda mazmunli dam olish va erkin piyoda yurish imkoniyatini kengaytirish maqsadida mamlakat bo‘ylab bir qator yo‘nalishlar «avtomobildan xoli hudud» sifatida belgilandi.

Jumladan:

  • Buxoro shahri tarixiy markazida Toqi Telpakfurushon madaniy meros obektidan Ark qo‘rg‘oni avtoturargohigacha bo‘lgan qism;
  • Andijon viloyati – Xonobod shahridagi ayrim hududlar;
  • Farg‘ona viloyati – Farg‘ona shahridagi I.Karimov nomidagi san’at saroyi atrofi, «Eko shahar» madaniy dam olish bog‘i, Ahmad al-Farg‘oniy istirohat bog‘i, Marg‘ilon shahridagi E.Vohidov nomidagi istirohat bog‘i, Qo‘qon shahridagi O‘rda maydoni va «Istiqlol turizm ko‘chasi» avtomobildan xoli hududlarga aylantirilgan.

Samarqand viloyatida esa Samarqand tumanidagi «Konigil» turizm qishlog‘ida yangidan tashkil etilgan turizm obektida 2,5 km uzunlikdagi yo‘l avtomobildan xoli hudud sifatida faoliyat ko‘rsatmoqda. Yo‘lning kirish qismlariga avtomobil harakatini taqiqlovchi yo‘l belgilar o‘rnatilgan. Shuningdek, Registon maydoni va Shohi Zinda majmuasini bog‘lovchi 1,5 km I.Karimov ko‘chasi ham avtomobildan xoli hudud sifatida belgilangan.

Bundan tashqari, qator hududlarda ham shunday zonalar tashkil etildi:

  • Qoraqalpog‘iston Respublikasi – Nukus shahri «Do‘stlik» dam olish markazi hududidagi Do‘stlik kanali ko‘chasi;
  • Andijon viloyati – Andijon shahri Istiqlol, O‘rikzor va Sariqo‘y ko‘chalari;
  • Jizzax viloyati – "Zargarlik" MFYdagi Sindor Hamroqulov ko‘chasi, Hamid Olimjon va Zulfiyaxonim muzeyi atrofi, O‘rda ekologik bog‘i;
  • Namangan viloyati – "Obi hayot" MFYda joylashgan U.Nosir va Lutfiy ko‘chalari;
  • Qashqadaryo viloyati – Shahrisabz shahri tarixiy maydoni, Shahrisabz tumanidagi Miraki turistik markazi, Qarshi shahridagi Mustaqillik maydoni atrofidagi Mustaqillik ko‘chasi;
  • Sirdaryo viloyati – Guliston shahri Alisher Navoiy ko‘chasining 0,72 km qismi;
  • Toshkent shahri – Mirobod tumanidagi Taras Shevchenko ko‘chasi;
  • Toshkent viloyati – "Qorasuv" MFYdagi Toshkent yo‘li ko‘chasining bir qismi, Oybek mahallasida 1 km, Angren shahridagi Bunyodkor ko‘chasi, "Do‘stlik" MFYdagi S.Rahmatov ko‘chasining 0,9 km qismi;
  • Navoiy viloyati – «Yangi O‘zbekiston» bog‘i, «Ma’naviyat va ma’rifat» bog‘i, Sarmishsoy muzey-qo‘riqxonasi, Yoshlik ko‘li atrofi;
  • Surxondaryo viloyati – Termiz shahri Alpomish mahallasidan o‘tadigan Alisher Navoiy ko‘chasining ichki yo‘li;
  • Xorazm viloyati – Xiva shahridagi 24,5 gektar maydonga ega «Arda Xiva» turistik majmuasi to‘liq avtomobildan xoli hudud sifatida faoliyat yuritmoqda.

Turizm qo‘mitasiga ko‘ra, ushbu tashabbuslar ichki va xalqaro turizmni rivojlantirish, piyoda sayohatlarni kengaytirish, tarixiy va madaniy hududlarda xavfsiz va qulay piyoda harakatini ta’minlashga xizmat qiladi.

Mavzuga oid