Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Reuters: Fedun «Lukoyl»dagi 10 foizlik ulushini kompaniyaning o‘ziga sotdi
«Lukoyl»ning sobiq vitse-prezidenti Leonid Fedun 2025 yil boshida o‘z ulushini kompaniyaning o‘ziga sotgan. Bu haqda seshanba, 25 noyabr kuni Reuters agentligi uch manbaga tayanib xabar berdi. Ulardan ikkisining ta’kidlashicha, bitim 2025 yil boshida amalga oshirilgan.
Leonid Fedun Foto: Getty Images
Qayd etilishicha, Fedun «Lukoyl»da 10 foiz miqdoridagi ulushga ega edi. Reuters hisob-kitoblariga ko‘ra, ushbu aktivlarning bozor qiymati 7 mlrd AQSh dollariga (qayta hisob-kitobda 6,1 mlrd yevro) teng. Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, xaridor sifatida «Lukoyl»ning o‘zi chiqqan.
69 yoshli tadbirkor Leonid Fedun Ukrainada tug‘ilgan, ammo hozirda Monakoda yashaydi. 1996 yilda u «Lukoyl» vitse-prezidenti lavozimini egallagan va 2022 yil yozida, Rossiyaning Ukrainaga to‘liq masshtabli harbiy hujumi boshlangandan ko‘p o‘tmay, bu lavozimni tark etgan. Kompaniya o‘sha paytda ma’lum qilishicha, Fedunning ketish qarori «nafaqa yoshiga yetgani va oilaviy sabablar» bilan izohlangan.
Bloomberg ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya kompaniyalari orasida xalqaro bozorda eng keng namoyon bo‘lgani aynan «Lukoyl» hisoblanadi. Rossiyaning bu neft giganti Yevropadagi bir qator neftni qayta ishlash zavodlarida ulushlarga ega, shuningdek Iroqdan tortib Qozog‘istongacha bo‘lgan hududlardagi neft konlarida ham sezilarli ulushini saqlab turibdi. Kompaniya brendi AQShdan Belgiya va Ruminiyagacha bo‘lgan hududlardagi AYoQSh (avtoyonilg‘i stansiyalari) orqali ham namoyon bo‘lib kelmoqda.
Rossiyaning «Lukoyl» va «Rosneft» neft qazib oluvchi kompaniyalari, shuningdek ularning 34 ta «shu’ba tuzilma»si (filial va tarmoqlari) shu yil oktyabr oyida Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi davom etayotgani sababli, AQSh va Buyuk Britaniya sanksiyalari ostiga tushgan edi.
Shundan so‘ng «Lukoyl» o‘zining xorijdagi aktivlarini sotishga qaror qildi. Ularni xarid qilishga ilk da’vogar sifatida Shveytsariyaning Gunvor kompaniyasi chiqdi, uning asoschilaridan biri Rossiya prezidenti Vladimir Putinning yaqin do‘sti Gennadiy Timchenko hisoblanadi. Biroq Vashington Gunvor’ning Moskva bilan aloqalariga ishora qilib, bu kompaniyaga Ukrainada urush to‘xtatilmaguncha biznes yuritish uchun litsenziya bermaslikka qaror qilgan va bitimni to‘sib qo‘ygan.
17 noyabr kuni Reuters agentligi xabariga ko‘ra, «Lukoyl»ning ayrim xorijiy aktivlarini sotib olish imkoniyatini endi AQShning Chevron neft kompaniyasi ko‘rib chiqmoqda.
Mavzuga oid
12:03 / 18.11.2025
Rossiya nefti narxi so‘nggi 2,5 yildagi eng past darajaga tushdi
10:11 / 18.11.2025
Reuters: Amerikaning Chevron kompaniyasi "Lukoyl" aktivlarini sotib olishni o‘ylayapti
15:51 / 15.11.2025
London Bolgariyadagi «Lukoyl» shu’ba korxonalariga qo‘yilgan sanksiyalarni vaqtincha yumshatdi
14:31 / 15.11.2025