Jahon | 09:15 / 26.11.2025
1832
3 daqiqa o‘qiladi

Tramp Ukraina bo‘yicha tinchlik rejasi uchun o‘z vakillarini Moskva va Kiyevga yubordi

AQSh prezidenti Donald Trampning maxsus vakili Stiv Uitkoff Moskvaga Vladimir Putin bilan Ukraina bo‘yicha tinchlik rejasini muhokama qilish uchun boradi. Shu bilan bir vaqtda Deniyel Driskoll Kiyevda ukrain tomoni bilan shu masala yuzasidan maslahatlashuvlar o‘tkazadi, deb xabar berdi Tramp.

Foto: Aaron Schwartz / CNP / Global Look Press

AQSh prezidenti Donald Trampning maxsus vakili Stiv Uitkoff Tramp topshirig‘iga binoan Moskvaga jo‘nab ketdi. U yerda u Rossiya Federatsiyasi prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashib, Ukraina bo‘yicha tinchlik rejasining yakuniy variantni kelishib olishi kerak bo‘ladi. Shu bilan bir vaqtda, Tramp Ukraina bo‘yicha muzokarachi etib tayinlagan AQSh qo‘shinlari vaziri (armiya vaziri) Deniyel Driskoll Kiyevda ukrain tomoni bilan shu mavzuda maslahatlashuvlar o‘tkazadi. Bu haqda Tramp seshanba, 25 noyabr kuni o‘zining Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida ma’lum qildi.

«Qo‘shma Shtatlar tomonidan ishlab chiqilgan 28 banddan iborat dastlabki tinchlik rejasi har ikki tomondan qo‘shimcha takliflar bilan takomillashtirildi va unda tortishuvlarga sabab bo‘layotgan juda oz sonli bandlar qoldi, xolos», — deb yozdi Oq uy rahbari.

Shu kuni u prezident samolyoti bortidagi muxbirlarga Uitkoff, ehtimol, kelasi hafta Putin bilan uchrashishini aytdi. Shuningdek, Trampning aytishicha, unga (Uitkoffga) bu safarda jarayonda «ishtirok etayotgan» kuyovi va maslahatchisi Jared Kushner hamrohlik qilishi mumkin.

Donald Tramp o‘z postida yaqin vaqt ichida Vladimir Putin va Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy bilan uchrashishga umid qilayotganini qayd etdi. Biroq, u ogohlantirishicha, bu uchrashuv Ukrainadagi urushni yakunlash bo‘yicha yakuniy kelishuv tuzilgan taqdirda yoki ana shu kelishuvni tayyorlash jarayoni yakuniy bosqichga kirgandagina bo‘lib o‘tadi.

23 noyabr kuni Shveytsariyaning Jyeneva shahrida AQSh, Ukraina va bir necha Yevropa davlatlari delegatsiyalari Ukrainadagi urushni tugatish uchun Vashington tomonidan taklif etilgan 28 bandli rejani muhokama qilish uchun uchrashdi. Dastlabki variantda ushbu hujjat Moskva talablarini katta darajada aks ettiruvchi bir qator bandlarni o‘z ichiga olgan edi. Yevropa tomoni ma’lumotlariga ko‘ra, Jyenevadagi uchrashuvda mazkur loyihani muayyan darajada o‘zgartirish yuzasidan kelishuvga erishilgan.

25 noyabr kuni kechqurun Ukraina prezidenti ofisining rahbari Andrey Yermak Deniyel Driskoll bilan telefon orqali gaplashganini va uning joriy haftada Kiyevga tashrif buyurishiga umid qilishini bildirdi.

Shu kunning o‘zida AQShning Axios onlayn-nashri Andrey Yermakka tayanib xabar berishicha, Volodimir Zelenskiy urushni tugatish shartlari bo‘yicha AQSh–Ukraina kelishuvlarini yakuniy kelishib olish uchun Donald Tramp bilan «imkon qadar tezroq» uchrashmoqchi. Nashr yozishicha, Tramp va Zelenskiyning uchrashuvi AQShda 27 noyabr kuni nishonlanadigan Minnatdorchilik kunida bo‘lib o‘tishi mumkin.

Mavzuga oid