Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Hongkongda turar joy majmuasidagi yong‘in: kamida 44 kishi halok bo‘ldi
Hongkong shimolidagi Tay Po tumanida joylashgan Wang Fuk Court turar joy majmuasida ro‘y bergan yirik yong‘in oqibatida kamida 44 kishi halok bo‘ldi, yana 270 dan ortiq fuqaro bedarak yo‘qolgan sifatida qayd etildi. Bu haqda Hongkong ma’muriyati rahbari Jon Li mahalliy vaqt bilan 27 noyabrda tonggi matbuot anjumanida ma’lum qildi.
Foto: Yan Zhao/AFP/Getty Images
Chorshanba kuni kunduzi boshlangan yong‘in avvalo bambukdan yasalgan qurilish havozalarini qamrab olgan, shundan so‘ng baland qavatli uylarning tashqi qismi orqali tez sur’atda yoyilgan. O‘t kamida sakkizta binodan beshtasini to‘liq yoki qisman qamrab olgani aytilmoqda. Majmuada taxminan 4,5–4,8 ming kishi istiqomat qiladi.
Halok bo‘lganlar orasida yong‘inni o‘chirishda ishtirok etgan bir nafar o‘t o‘chiruvchi ham bor – u ma’lum bir vaqtda jamoasi bilan aloqani yo‘qotgan, keyinchalik kuchli kuyish jarohatlari bilan topilgan. O‘nlab odamlar jarohat olgan, ulardan kamida 40–60 nafari og‘ir ahvolda ekani aytilmoqda.
Hokimiyat yong‘inga eng yuqori – beshinchi darajali xavf toifasini berdi. Bunday toifa Hongkongda so‘nggi marta 2008 yilda qo‘llangan edi, mutaxassislar bu hodisani shaharning so‘nggi o‘n yilliklardagi eng halokatli yong‘inlaridan biri deya baholamoqda.
Rasmiy sabab hanuz aniqlanmagan. Ammo yong‘inning bambuk havozalar va tashqi devor materiallari orqali g‘ayrioddiy tez sur’atda tarqalgani qayd etilmoqda. Mahalliy OAV ma’lumotlariga ko‘ra, ayrim aholi bugunga qadar qurilishda ishlayotgan ishchilarning chekkani haqida shikoyat qilib kelgan. Politsiya yong‘in bilan bog‘liq holda uch nafar erkakni gumonlanuvchi sifatida qo‘lga olgan.
Hongkong dunyoning aholi eng zich yashaydigan shaharlaridan biri bo‘lib, yuzlab baland qavatli uylardan iborat. Ilgari o‘ta halokatli yong‘inlar ko‘p uchrardi, ammo oxirgi o‘n yilliklarda yong‘in xavfsizligi qoidalari kuchaytirilgani sabab bunday yirik fojialar kamaygan. Hozirgi voqea esa xavfsizlik standartlari va qurilish ishlari ustidan nazorat masalasini yana kun tartibiga chiqarmoqda.
Mavzuga oid
21:40 / 03.12.2025
“Yong‘in payti oshxonada odam ko‘p edi” – Gulistondagi portlash joyidan reportaj
19:45 / 03.12.2025
50 ming dollarlik da’vo: Toshkentda zaryadga qo‘yilgan elektromobil nega yonib ketgandi?
12:53 / 01.12.2025
Hongkongdagi yong‘in qurbonlari 140 nafardan oshdi. Xitoy namoyishlar boshlanishidan xavotirda
09:00 / 01.12.2025