Angliyaning Kembrij universiteti olimlari inson miyasi hayot davomida bir nechta aniq bosqichlarni bosib o‘tishini, asosiy burilish nuqtalari esa 9, 32, 66 va 83 yoshda sodir bo‘lishini aniqladi. Tadqiqot mualliflari ushbu bosqichlarning har birida miya holati haqidagi bilimlar ruhiy buzilishlar va demensiya sabablarini yaxshiroq tushunishga yordam berishiga umid qilmoqda.
Tadqiqotda 90 yoshgacha bo‘lgan 4 mingga yaqin odam ishtirok etdi, olimlar ularning miya hujayralari o‘rtasidagi aloqalar qanday ishlashini aniqlash uchun miyasini skanerladi.
Kembrijlik tadqiqotchilar miya taxminan 30 yoshga to‘lmaguncha yoshlik bosqichida qoladi degan xulosaga keldi - aynan shu yosh inson tanasining gullab-yashnashi cho‘qqisi hisoblanadi.
Yangi bilim va tajribalar orttirilgan sari miya doimiy ravishda o‘zgarib boradi, ammo tadqiqot shuni ko‘rsatadiki, bu tug‘ilishdan o‘limgacha bo‘lgan bir tekis jarayon emas.
Buning o‘rniga miya faoliyatining beshta bosqichi mavjud:
- Bolalik davri - tug‘ilgandan 9 yoshgacha;
- O‘smirlik davri - 9 yoshdan 32 yoshgacha;
- Voyaga yetganlik - 32 yoshdan 66 yoshgacha;
- Erta qarish - 66 yoshdan 83 yoshgacha;
- Kech qarish - 83 yoshdan boshlab.
«Miya butun umr davomida qayta sozlanadi. U doimo ba’zi aloqalarni kuchaytiradi va boshqalarini zaiflashtiradi va bu doimiy, bir tekis jarayon emas - bu miyani qayta qurishning tebranishlari va bosqichlari», dedi tadqiqot mualliflaridan biri, doktor Aleks Mousli.
Ba’zi odamlarda bu bosqichlar ertaroq yoki kechroq boshlanadi, ammo umuman olganda, tadqiqot ishtirokchilarining miya skanerlarini o‘rganishda aynan shunday yosh chegaralari eng ko‘p uchraydi.
Miya faoliyatining beshta fazasi
Bolalik. Ushbu birinchi davrda miya tezda kattalashadi, lekin bir vaqtning o‘zida asab hujayralari o‘rtasidagi ortiqcha aloqalarni - hayotning boshida yaratilgan sinapslarni «siyraklashtiradi».
Bu bosqichda miya unchalik samarali ishlamaydi. U bog‘da maqsadsiz sayr qilib yurgan va A nuqtadan B nuqtaga to‘g‘ri chiziq bo‘ylab harakatlanish o‘rniga xohlagan joyiga boradigan boladek harakat qiladi.











