Iqtisodiyot va moliya vazirligi 2026 yilgi davlat budjeti va 2026−2028 yillarga mo‘ljallangan maqsadli ko‘rsatkichlar to‘g‘risidagi qonun loyihasini e’lon qildi. Xo‘sh, keyingi yillarda O‘zbekiston iqtisodiyotida nimalar kutilyapti?

Asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar

2026 yilda konsolidatsiyalashgan budjet daromadlari 515,3 trln so‘mni, xarajatlari esa 566,9 trln so‘mni tashkil etishi kutilyapti. Bunda budjet daromadlari 368,9 trln so‘m, xarajatlari esa 328,8 trln so‘m (budjetlararo transfertlarni hisobga olmagan holda) miqdorida bo‘lishi prognoz qilingan. Taqchillik chegarasi – 59,9 trln so‘m yoki YaIMga nisbatan 3 foiz. Defitsitni tashqi va ichki qarz, davlat aktivlarini xususiylashtirishdan tushgan mablag‘lar va boshqa manbalar hisobidan qoplash rejalashtirilgan.

Konsolidatsiyalangan budjet taqchilligi 2027 va 2028 yillarda ham YaIMga nisbatan 3 foizni tashkil qilishi ko‘zda tutilyapti.

2026 yilda yalpi ichki mahsulot 1 kvadrillion 976 trillion so‘mdan oshishi kutilyapti. YaIM o‘sishi 2026 yilda 6,6 foiz, 2027 yilda 6,8 foiz, 2028 yilda 6,9 foiz bo‘lishi prognoz qilingan.

Inflatsiyani keyingi yilda 7 foizgacha, 2027 yilda 5-6 foizgacha, 2028 yilda 5 foizgacha tushirish rejalashtirilgan.   

Tashqi qarz

Joriy yilda tashqi qarz olish chegarasi 5,5 mlrd dollarni tashkil etgan bo‘lsa, 2026 yilda bu ko‘rsatkich 5 mlrd dollargacha qisqartiriladi. Ushbu mablag‘ning 2,5 mlrd dollari davlat budjetini qo‘llab-quvvatlashga, 2,5 mlrd dollari esa investitsiya loyihalarini moliyalashtirishga yo‘naltiriladi. Keyingi yilda O‘zbekiston nomidan 30 trln so‘mlik davlat qimmatli qog‘ozlari chiqarilishi ham ko‘zda tutilyapti. Davlat qarzini so‘ndirish uchun esa 49,2 trln so‘m sarflanadi. Yangi DXSh loyihalarining cheklangan miqdori – 6,5 mlrd dollar. 

Energetika sektorini subsidiyalash davom etadi

2026 yilda davlat budjeti hisobidan ajratilishi belgilangan subsidiyalarning umumiy qiymati 28,3 trln so‘mni (2025 yilda 30,4 trln so‘mni) tashkil etadi. Bu – budjet xarajatlarining 7 foizi degani. 

Ayrim sohalarga davlat budjetidan ajratiladigan subsidiya miqdori quyidagicha:

  • gaz sotib olish va sotishdagi tafovutni qoplash uchun 5,9 trln so‘m (7 trln so‘m);
  • nodavlat bog‘chalarga 4,6 trln so‘m (2025 yilda 3,8 trln so‘m);