Ukraina rasmiylari delegatsiyasi Donald Trampning Rossiya-Ukraina urushi yakuni bo‘yicha rejasini muhokama qilishni davom ettirish uchun AQShga uchib ketdi.
Bloomberg manbalariga ko‘ra, Kiyev delegatsiyasi tarkibidan Ukraina Milliy xavfsizlik kengashi rahbari Rustem Umerov va tashqi ishlar vaziri birinchi o‘rinbosari Sergey Kislitsa o‘rin olgan. Ular 30 noyabr kuni Florida shtati Mayami shahrida AQSh prezidenti maxsus vakili Stiv Uitkoff hamda Trampning kuyovi, uning sobiq maslahatchisi Jared Kushner bilan uchrashuv o‘tkazadi.
The Economist jurnalisti Oliver Kerroll Ukraina mudofaa vazirligi Bosh razvedka boshqarmasi boshlig‘i Kirill Budanov ham yo‘l olgani, u shu kunlarda Ukraina prezidenti ofisi rahbari lavozimidan olingan Andrey Yermak o‘rniga Ukraina delegatsiyasiga rahbarlik qilishini xabar qilgandi. Ammo keyinroq, u bu ma’lumotga aniqlik kiritib, Floridaga Budanovning o‘rniga uning o‘rinbosari Vadim Skibitskiy borishini yozdi. Axios nashri muxbiri Barak Ravid muzokaralarga Ukraina qurolli kuchlari bosh shtabi boshlig‘i, general-leytenant Andrey Gnatov ham qo‘shilishini qo‘shimcha qildi.
Yakunda, Ukraina prezidenti farmoniga ko‘ra, delegatsiyaning yangi rahbari Rustem Umerov bo‘lgan. Muzokarachilar guruhi tarkibida Budanovning ham, Skibitskiy, Kislitsa va Gnatovning ham nomlari kiritilgan. Shuningdek, Ukraina prezidenti kabineti maslahatchisi Oleksandr Bevz, Ukraina tashqi razvedka xizmati rahbari Oleg Ivashchenko, Ukraina xavfsizlik xizmati rahbari o‘rinbosari Oleksandr Poklad hamda Ukraina Milliy xavfsizlik kengashi rahbari birinchi o‘rinbosari Yevgeniy Ostryanskiy ham delegatsiya tarkibidan o‘rin olgan. Ulardan aynan kimlar AQShga uchganiga oydinlik kiritilmagan.
Muzokaralar arafasida Ukraina energetika sektoridagi korrupsiya bo‘yicha shov-shuvli ishni tergov qilish doirasida Ukraina prezidenti ofisi rahbari Andrey Yermakning uyi tintuv qilindi. Tergovchilar Yermakka hech qanday ayblov qo‘yishmagan, biroq oradan bir necha soat o‘tgach, u iste’foga chiqish haqida ariza yozgan. Volodimir Zelenskiy o‘zining eng yaqin safdoshini ishdan bo‘shatish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi va «prezident devonida perezagruzka bo‘lishi»ni e’lon qildi. «Men Andreyga muzokaralar trekida Ukrainaning pozitsiyasi ular tomonidan har doim qanday bo‘lishi kerak bo‘lsa, shunday taqdim etilgani uchun minnatdorman. Bu har doim vatanparvarlik pozitsiyasi bo‘lgan», – dedi Zelenskiy kechki murojaatida.
Andrey Yermakning iste’fodan keyingi ilk izohi The New York Post gazetasida e’lon qilindi. U o‘ziga murojaat qilgan jurnalist Keytlin Dornbosga javobida urushga ketmoqchi ekanini yozgan.
«Men frontning oldingi chizig‘iga ketyapman va har qanday repressiyaga tayyorman. Men halol va vijdonli odamman», — deya uning so‘zlarini keltiradi nashr. – 2022 yil 24 fevraldan beri Kiyevda bo‘lishimga qaramay, meni sharmanda qilishdi va qadr-qimmatimni himoya qilishmadi. Shuning uchun men Zelenskiyga muammo tug‘dirmoqchi emasman: men frontga ketyapman. Sha’nimga yog‘dirilgan ifloslik meni g‘azablantiradi, haqiqatni biladiganlar tomonidan qo‘llab-quvvatlov yo‘qligi esa yanada ko‘proq g‘azablantiradi».










