28 noyabr kuni Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy mamlakatda o‘zidan keyingi eng nufuzli shaxs, prezident idorasi rahbari Andrey Yermakni iste’foga chiqardi. Yermak korrupsiyaga qarshi kurashuvchi organlar «Energoatom» davlat kompaniyasidagi o‘g‘irliklar ishi bo‘yicha tintuv o‘tkazishi ortidan lavozimini yo‘qotdi. Bu Ukraina jamiyati bir necha haftadan beri muhokama qilayotgan korrupsiya bo‘yicha shov-shuvli surishtiruvdir. Bu ishda ertami-kechmi Yermakning familiyasi ham paydo bo‘lishi haqida mish-mishlar tarqalgan va Zelenskiyga uni ishdan bo‘shatishni maslahat qilishgandi. Shunga qaramay, Zelenskiy Yermakni himoya qilishga harakat qildi – xususan, unga AQSh bilan tinchlik rejasi bo‘yicha muzokaralar olib borishni topshirdi. Tergovchilar Yermakning uyiga tintuv o‘tkazish uchun kelishganidan keyin esa uni himoya qilishning ortiq imkoni qolmagandi (garchi unga hozircha ayblov qo‘yilmagan bo‘lsa-da). «Ukrainskaya pravda» manbalari prezident ofisi rahbari ishdan bo‘shatilishi qanday kechganini aytib berishdi.
«Birinchi uni ishdan olishiga oxirigacha ishonmagan»
28 noyabr kuni, soat ertalabki olti atrofida, Kiyevdagi hukumat kvartaliga Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy byurosi (NABU) va Korrupsiyaga qarshi ixtisoslashtirilgan prokuratura (SAP) xodimlari bo‘lgan uchta mashina kelgan. Ular Ukraina prezidenti ofisi rahbari Andrey Yermaknikida tintuv o‘tkazishi kerak edi. Kvartalga kirish qismidagi blokpostda turgan qo‘riqchilar avvaliga ularni xizmat guvohnomasi va tintuv haqidagi qarorni ko‘rsatishganiga qaramay, ichkariga qo‘ymagan – ammo keyin yo‘lni ochishga majbur bo‘lishgan. Yermakning kvartirasi sakkiz soatga yaqin vaqt davomida tintuv qilingan, u yerdagi bir necha telefon va noutbuklar musodara qilingan.
Tintuv haqidagi qarorda 21 noyabr sanasi ko‘rsatilgan. Ya’ni sud tintuv o‘tkazilishidan bir hafta oldin bunga sanksiya bergandi. Bu esa «Volodimir Zelenskiyda «nafaqat o‘zining eng yaqin yordamchisiga ehtimoliy savollar haqida ma’lumotlar, balki tergov harakatlari boshlanishidan oldin [uni ishdan bo‘shatish] uchun kamida bir hafta bo‘lgani»ni tasdiqlashi mumkin, deb yozadi «Ukrainskaya pravda».
Nashr ma’lumotiga ko‘ra, Zelenskiy oxirgi lahzagacha ikkilanishda davom etgan. O‘sha kuni soat to‘qqizlar atrofida, hali Yermaknikida tintuv davom etayotganida, prezident ofisiga bosh vazirning birinchi o‘rinbosari Mixail Fedorov, Ukraina xavfsizlik xizmati rahbari Vasiliy Malyuk, shuningdek Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy byurosi hamda Korrupsiyaga qarshi ixtisoslashtirilgan prokuratura rahbarlar Semyon Krivonos va Oleksandr Klimenko kelishgan. «Zelenskiy mehmonlarni bir vaqtning o‘zida ikki jabhada, tashqi va ichki frontlardagi janglar alohida siyosiy arboblarga emas, balki mamlakat boshqaruviga tahdid solayotganini to‘satdan anglab yetgan odam kayfiyatida kutib olgan», – deya yozadi «Ukrainskaya pravda».











