Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
NATO vakili: Rossiya Pokrovskning 95 foizini nazorat qilmoqda
Bryusseldagi NATOning yuqori lavozimli vakili Donetsk viloyatidagi Pokrovsk shahri deyarli to‘liq Rossiya qurolli kuchlari tomonidan egallab olinganini DW'ga ma’lum qildi.
Foto: Rossiya Mudofaa vazirligi
Ukrainaga qarshi to‘liq miqyosdagi hujumini davom ettirayotgan Rossiya qo‘shinlari Donetsk viloyatidagi Pokrovsk hududining 95 foizini nazorat qilmoqda. Bu haqda seshanba kuni, 2 dekabrda Bryusseldagi shtab-kvartirada o‘tkazilgan brifingda NATOning yuqori martabali rasmiysi DW muxbiri savoliga javoban aytib o‘tdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, hozir Ukraina ushbu shahardan qo‘shinlarni tartibli ravishda olib chiqmoqda, ammo Pokrovskda hali ham ukrain kuchlarining kichik-katta qarshilik o‘choqlari mavjud.
Shu bilan birga, NATO vakili Rossiya Pokrovskni egallab olishni bir yildan ko‘proq vaqt oldin rejalashtirganini eslatdi, ammo bu maqsadga juda sekin erishilgan va shu yo‘lda juda ko‘p rossiyalik harbiylar hayoti qurbon qilingan. Shu vaqt davomida ukrainlar esa shahar yo‘qotilishi avvaldagidan ko‘ra strategik jihatdan uncha katta ahamiyatga ega bo‘lmasligi uchun zarur choralarni ko‘rishga ulgurganiga ishora qilindi.
Agar Pokrovsk to‘liq egallab olinsa, Rossiya, katta ehtimol bilan, ushbu shahardan logistika markazi va Donetsk viloyatidagi boshqa shaharlarga hujum qilish uchun platsdarm sifatida, shuningdek dronlarni uchirish bazasi sifatida foydalanadi, deb hisoblamoqda NATO. Biroq Pokrovskning qulashi Ukraina mudofaasining muqarrar yemirilishi degani emas, alyans yaqin istiqbolda bunday ssenariyni ehtimoli past, deb hisoblaydi.
NATOda hozircha Pokrovsk uchun olib borilgan janglardagi Rossiya talafotlari bo‘yicha aniq ma’lumot yo‘q. Shu bilan birga, alyansda ta’kidlanishicha, joriy yil davomida Rossiya qurolli kuchlari taxminan 360 ming harbiyni yo‘qotgan va ularning asosiy hujum yo‘nalishi aynan Pokrovsk bo‘lgan. Shu sababli, ushbu yo‘nalishda har kuni bir necha yuz nafar rossiyalik halok bo‘layotganini taxmin qilish mumkin, dedi NATO vakili.
Bir kun avval Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov Rossiya Ukrainadagi Pokrovsk va Xarkiv viloyatidagi Volchansk shaharlarini to‘liq egallab olganini ma’lum qildi. Unga ko‘ra, bu haqda Rossiya prezidenti Vladimir Putinga 30 noyabr, yakshanba kuni, Birlashgan qo‘shinlar guruhining boshqaruv punktlaridan biriga tashrifi vaqtida Rossiya Bosh shtabi rahbari Valeriy Gerasimov ma’lumot bergan.
Shu kuni Ukraina Qurolli kuchlari Bosh shtabi kechki kundalik hisobotida Pokrovsk yo‘nalishida janglar hali ham davom etayotganini xabar qildi. Hisobotda Volchansk yaqinidagi janglar ham tilga olingan. Bosh shtab hisobotida Ukraina qo‘shinlarining yangi pozitsiyalarga chekinishi haqida ma’lumot berilmagan.
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy ham 1 dekabr kuni kechqurun, Parijda Fransiya prezidenti Emmanuel Makron bilan uchrashuvdan keyin, Rossiya Qurolli kuchlari tomonidan Pokrovsk va Volchanskning to‘liq egallab olingani to‘g‘risidagi ma’lumotlarni rad etdi. Shu bilan birga, u Pokrovsk va boshqa yo‘nalishlardagi vaziyat «hali ham murakkabligicha qolayotganini» ta’kidladi.
Mavzuga oid
09:21
OAV: London Ukrainaga RFning 9 mlrd yevrolik aktivlarini topshirishga tayyor
09:00
NATO Shimoliy Yevropa mudofaasi bo‘yicha shtabni AQShga ko‘chiradi
23:21 / 04.12.2025
Ukraina aholisi 42 milliondan 36 milliongacha kamaydi – OAV
23:00 / 04.12.2025