5 dekabr kuni, Toshkent vaqti bilan soat 22:00 da JCh-2026 uchun qur’a tashlash marosimi boshlanadi. Marosim Vashingtonda bo‘lib o‘tadi va uning yakunlariga ko‘ra 12 ta guruh tarkibi, jumladan, o‘z tarixida ilk bor mundialga chiqqan O‘zbekistonning ham guruh bosqichidagi raqiblari aniq bo‘ladi. 6 dekabr kuni taqvim – o‘yinlar o‘tkazilish joyi va vaqti ham e’lon qilinadi.
Bu safargi jahon chempionatida ilk bor 48 jamoa ishtirok etadi. Guruhlardan oldingidek faqat 1 va 2-o‘rin egalari emas, uchinchi o‘rin egalari orasidan nisbatan eng yaxshi ko‘rsatkichlarga ega sakkiz jamoa ham pley-offga yo‘l oladi, pley-off bosqichi oldingidek 1/8 finaldan emas, 1/16 finaldan start oladi. Butun turnir 39 kunga (11 iyundan 19 iyulgacha) cho‘ziladi.
Hali turnir ishtirokchilari ro‘yxati to‘liq shakllanmagan, JCh-2026 yo‘llanmasini faqat 42 jamoa hal qilgan. Yana olti jamoa nomi 2026 yil martidagi o‘tish o‘yinlari orqali ma’lum bo‘ladi.
Barcha jamoalar to‘rt savatchaga ajratilgan. Turnir mezbonlari bo‘lgan uch milliy jamoa avtomatik ravishda birinchi savatchadan o‘rin olgan, qolgan 39 jamoa esa FIFAning noyabr oyi reytingidagi o‘rinlar bo‘yicha taqsimlangan. O‘tish o‘yinlari orqali yo‘llanma oladigan olti jamoa to‘rtinchi savatchaga tushadi.
Yevropada o‘tish o‘yinlari quyidagicha kechadi: Italiya – Shimoliy Irlandiya juftligi g‘olibi Uels – Bosniya va Gersegovina juftligi g‘olibiga qarshi o‘ynaydi; Ukraina – Shvetsiya juftligi g‘olibi Polsha – Albaniya juftligi g‘olibiga qarshi o‘ynaydi; Slovakiya – Kosovo juftligi g‘olibi Turkiya – Ruminiya juftligi g‘olibiga qarshi o‘ynaydi; va nihoyat, Daniya – Shimoliy Makedoniya juftligi g‘olibi yo‘llanma uchun hal qiluvchi bahsda Chexiya – Irlandiya juftligi g‘olibi bilan to‘qnashadi.
Yevropadan tashqaridagi o‘tish o‘yinlari esa quyidagicha o‘tkaziladi: Yangi Kaledoniya – Yamayka juftligi g‘olibi Kongo DR bilan, Boliviya – Surinam juftligi g‘olibi Iroq bilan o‘ynaydi.
Shu tariqa, savatchalar tarkibi quyidagicha ko‘rinish oladi:
1-savatcha: Kanada, Meksika, AQSh, Ispaniya, Argentina, Fransiya, Angliya, Braziliya, Portugaliya, Niderlandiya, Belgiya, Germaniya.
2-savatcha: Xorvatiya, Marokash, Kolumbiya, Urugvay, Shveytsariya, Yaponiya, Senegal, Eron, Janubiy Koreya, Ekvador, Avstriya, Avstraliya.
3-savatcha: Norvegiya, Panama, Misr, Jazoir, Shotlandiya, Paragvay, Tunis, Kot-d’Ivuar, O‘zbekiston, Qatar, Saudiya Arabistoni, JAR.










