Avto | 16:02 / 08.12.2025
2589
3 daqiqa o‘qiladi

Avtomobil ishlab chiqarish qisqaradi, elektromobillar ko‘payadi: Germaniya avtosanoati prognozi

Kutilishicha, 2026 yilda Germaniyada yengil avtomobillar bozori juda kichik o‘sishni ko‘rsatadi: yangi ro‘yxatdan o‘tkazishlar soni joriy yilga nisbatan bor-yo‘g‘i ikki foizga ko‘payadi. Shu bilan birga, elektr avtomobillar bozori jadal ravishda rivojlanishi taxmin qilinmoqda.

Foto: REUTERS

Nemis avtomobil sanoati 2026 yilda yengil avtomobillar bozorida faqat kichik o‘sish bo‘lishini kutmoqda. VDA — Germaniya avtomobil sanoati uyushmasi prognoziga ko‘ra, kelasi yilda yangi yengil avtomobillar ro‘yxatdan o‘tkazilishi soni ikki foizga oshib, 2,90 million mashinaga yetadi. Bu 2019 yildagi pandemiyagacha bo‘lgan darajadan 20 foizga kam, deyiladi Rheinische Post gazetasi saytida 7 dekabr, yakshanba kuni kechqurun e’lon qilingan ma’lumotda.

Elektromobillar bozorida esa boshqacha tendensiya kutilmoqda. Mutaxassislar 17 foizlik o‘sishga umid qilmoqda — bu deyarli bir millionga (aniqrog‘i, 979 mingta) yangi elektr avtomobil ro‘yxatdan o‘tkazilishiga to‘g‘ri keladi. Biroq bunda shart sifatida Germaniya hukumati tomonidan elektromobil xaridi uchun yangi subsidiyalar joriy etilishi ko‘rsatilmoqda.

VDA yengil avtomobillar bozori rivojining sustligiga asosiy sabab sifatida Germaniya iqtisodiyotining umumiy holatini ko‘rsatadi. Uyushma prognoziga ko‘ra, xalqaro avtomobil bozorida ham dinamika katta bo‘lmaydi. Yevropada 2 foiz (13,4 million avtomobilgacha), Xitoyda 1 foiz (24,5 million avtomobilgacha) o‘sish kutilmoqda. AQShda esa, aksincha, 4 foizlik pasayish prognoz qilingan.

«Ko‘proq proteksionizm va u bilan bog‘liq xarajatlar oshishi — 2026 yilda bu izsiz o‘tmaydi. Korxonalar buni yaqqol his qiladi», — dedi VDA rahbari Xildegard Myuller.

VDA baholashicha, Germaniyada avtomobil ishlab chiqarish kelasi yilda 1 foizga kamayadi. Bundan istisno faqat elektromobillar bo‘ladi — ular ishlab chiqarish hajmi joriy yilga nisbatan 5 foizga, ya’ni 1,76 million avtomobilgacha oshishi kutilyapti.

Germaniya avtomobil sanoatidagi inqiroz bir qator omillar bilan bog‘liq. Ularning orasida: AQSh bojxona to‘lovlari, Xitoy bozoridagi qiyinchiliklar, elektr energiyasiga yuqori xarajatlar va iqlimga zarar yetkazmaydigan ishlab chiqarishni ta’minlash bo‘yicha chora-tadbirlar, shuningdek Yevropada iste’molchilar tomonidan talab past ekani. Shu fonda avtosanoat vakillari Berlin va Bryusselni 2035 yilga qadar ichki yonuv dvigatelli avtomobillar ishlab chiqarishdan to‘liq voz kechish bo‘yicha talablarni yumshatishga chaqirmoqda.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid