Farmonga ko‘ra, davlat organlarida mavjud bo‘sh davlat fuqarolik xizmati lavozimlari to‘g‘risidagi barcha ma’lumotlar 2026 yil 1 martdan e’tiboran vacancy.gov.uz elektron platformasida e’lon qilinadi.
Fuqarolar ushbu platformada “ish qidiruvchi” maqomida ro‘yxatdan o‘tib, o‘zlariga ma’qul mutaxassislik, lavozim turi va ish haqiga oid talablarni belgilagan holda shaxsiy profilini to‘ldirish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Vacancy.gov.uz orqali davlat xizmatini egallash uchun:
- platformadan ro‘yxatdan o‘tgan fuqarolar davlat fuqarolik xizmatiga kirish bo‘yicha test sinovidan muvaffaqiyatli o‘tishi lozim;
- test sinovlarini shaxsni tasdiqlash va nazorat qilishning maxsus onlayn tizimi orqali yoki Agentlikning maxsus jihozlangan xonalarida topshirish mumkin bo‘ladi;
- test natijalari 1 yilgacha amal qiladi va shu muddat ichida fuqarolar platformadagi turli bo‘sh lavozimlarga da’vogarlik qilishi mumkin.
Shuningdek, tanlovning qo‘shimcha bosqichi sifatida sohaviy bilimlarni baholash bo‘yicha test sinovlari ham joriy etiladi. Ushbu sinovlar davlat organlarining buyurtmalariga muvofiq Agentlik huzuridagi Rahbar kadrlarni baholash markazi tomonidan shartnoma asosida o‘tkaziladi.
Yangi tizim davlat fuqarolik xizmatiga qabul jarayonida ochiqlik va raqobatni kuchaytirish, ortiqcha sub’yektiv omillarni cheklash va eng munosib nomzodlarni tanlab olishga xizmat qilishi kutilmoqda.






