Fransiya prezidenti devoni xabariga ko‘ra, dushanba, 8 dekabr kuni Londonda Ukraina prezidentining Fransiya, Buyuk Britaniya va Germaniya rahbarlari bilan uchrashuvida AQSh vositachiligida o‘tayotgan tinchlik muzokaralarining oraliq natijalari va xavfsizlik kafolatlari muhokama qilindi. «Ukraina prezidenti, Buyuk Britaniya bosh vaziri, Germaniya kansleri va Fransiya prezidenti ishtirok etgan ushbu uchrashuv bizga Ukrainani qo‘llab-quvvatlash borasidagi o‘zgarmas pozitsiyamizni, shuningdek, Ukrainada mustahkam va uzoq muddatli tinchlikka bo‘lgan sadoqatimizni yana bir bor tasdiqlash imkonini berdi», — deyiladi bayonotda.

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy ijtimoiy tarmoqlarda Buyuk Britaniya bosh vaziri Kir Starmer, Fransiya prezidenti Emmanuel Makron va Germaniya kansleri Fridrix Mersga «uchrashuvni tashkil etgani va tinchlikka erishish yo‘lida har birining shaxsiy hissasi uchun» minnatdorlik bildirdi. Uning aytishicha, uchrashuv chog‘ida Amerika tomoni bilan qo‘shma diplomatik ishlar ham muhokama etilgan, xavfsizlik kafolatlari, Ukraina urushdan keyingi tiklanishi va «keyingi qadamlar» bo‘yicha «umumiy pozitsiya» kelishib olingan. «Alohida tarzda biz Ukrainani keyingi qo‘llab-quvvatlash haqida ham gaplashdik», — deb qo‘shimcha qildi Zelenskiy.

Buyuk Britaniya bosh vaziri rasmiy vakili so‘zlariga ko‘ra, muhokamalar yaqin kunlarda milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchilar darajasida davom ettiriladi. «Liderlar shunga kelishdiki, diplomatik sa’y-harakatlar davom etayotgan bir paytda Yevropa Ukrainani qo‘llab-quvvatlashda davom etishi, uning uzluksiz hujumlardan himoyalanish qobiliyatini mustahkamlashi lozim. Bu hujumlar natijasida minglab odamlar issiqlik va yorug‘liksiz qolgan», — dedi rasmiy vakil.

Uning so‘zlariga ko‘ra, uchrashuvda, qolaversa, Rossiyaning muzlatib qo‘yilgan aktivlaridan Ukrainani qo‘llab-quvvatlash uchun foydalanish masalasida «siljish» qayd etildi. Fransiya, Germaniya va Ukraina rahbarlari bilan uchrashuvdan so‘ng Starmer boshqa yevropalik ittifoqdoshlar bilan telefon orqali muloqot o‘tkazib, ularni hozirgi vaziyat yuzasidan xabardor qildi.

DW muxbiri xabar berishicha, 8 dekabr kuni kechqurun Ukraina prezidenti Bryusselda NATO bosh kotibi Mark Ryutte, Yevropa komissiyasi (YeK) raisi Ursula fon der Lyayyen va Yevropa Kengashi raisi Antoniu Koshta bilan uchrashishi kerak edi.

Londondagi uchrashuvdan oldin Mers AQSh tomoni taklif qilgan tinchlik rejasining ayrim bandlariga nisbatan «shubha» bildirgan edi. Makron esa eng dolzarb vazifa sifatida «yevropaliklar va ukrainlarning umumiy pozitsiyalarini» AQSh hukumati tasavvurlari bilan muvofiqlashtirishni keltirdi, Starmer Vashington taklifini qabul qilishi uchun Ukraina prezidentiga bosim o‘tkazmasligini ta’kidladi.