Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy juma kuni, 12 dekabrda Telegram’da Xarkiv viloyatidagi Kupyansk shahri kirish qismidagi stela yonida o‘zi suratga olgan videoni e’lon qildi. Videoda Zelenskiy shunday deydi:
“Bugun — Kupyansk yo‘nalishi, bu yerda Ukraina uchun natijaga erishayotgan jangchilarimiz. Rossiyaliklar Kupyansk haqida ko‘p narsa gapirgan edi — biz ko‘ryapmiz. Bordim, yigitlarni qutladim”.
Shu kuni avvalroq ukrain mudofaa kuchlari Xarkiv viloyatidagi Kupyansk atrofida muvaffaqiyatli qarshӣ hujum o‘tkazib, shahardagi Rossiya guruhini qurshab olgani ma’lum bo‘ldi. Bu haqda “Ukrainskaya pravda” nashri Milliy gvardiyaning “Xartiya” qidiruv-zarba guruhi 2-korpusi qo‘mondonligiga, uning qo‘mondoni Igor Obolenskiyga hamda DeepState OSINT loyihasining yangilangan xaritasiga tayanib xabar qildi.
“Vazifa shaharga kirib, rossiyaliklardan tozalash edi. Biz bir vaqtning o‘zida 2–3 yo‘nalishda ishladik, ularning logistikasini kesib tashladik. Bugun ayta olamizki, rossiyaliklar shaharda to‘liq uzib qo‘yilgan. Ular uzoq vaqt nima bo‘layotganini tushuna olmadi. Ammo hozir ular qurshovda ekanini bilishyapti”, — deya Obolenskiyning so‘zlarini keltiradi “Ukrainskaya pravda”.
“Xartiya” 2-korpusi ma’lumotiga ko‘ra, Kondrashovka qishlog‘i va uning atrof hududlari hamda o‘rmonlar to‘liq ozod etilgan. “Xartiya”ning 13-brigada guruhi esa Radkovka qishlog‘i va uning atrofini to‘liq ozod etgan hamda “Kupyansk shimolidagi shaharning o‘zida bir necha o‘nlab uydan dushmanni siqib chiqargan”.
“Hozir ular (RF QK — tahr.) bor bo‘lgan barcha zaxiralarini tashlab, mudofaani yorib o‘tishga urinyapti. Lekin biz ularning hammasini ko‘rib turibmiz va yo‘q qilyapmiz. Aytgancha, ko‘p xorijliklarni qayd etyapmiz — jumladan Suriya va Afrika mamlakatlaridan”, — dedi Igor Obolenskiy.
Milliy gvardiyaning 2-korpusida ta’kidlashlaricha, bir necha oy oldin Rossiya qo‘shinlari Kupyanskka Oskol daryosidan 6 km ichkarigacha kirib kelgan, natijada shahar va yaqin qishloqlardagi vaziyat tang bo‘lib qolgan.
“Ukrainskaya pravda” bilan suhbatda Milliy gvardiyaning “Xartiya” 2-korpusi qo‘mondoni aytishicha, hududda rossiyalik halok bo‘lganlar soni ming kishidan oshgan, hozir esa Kupyanskning o‘zida ular 200 nafardan ortiq emas.
Korpus ma’lumotiga ko‘ra, 22 sentabrdan 12 dekabrgacha bo‘lgan davrda “Xartiya” bo‘linmalari 1027 nafar rossiyalik harbiyni yo‘q qilgan, 291 nafarini yaralanganlar qatoriga chiqargan, 13 nafar “okkupant” asirga olingan. Qo‘mondonlikda “shahar markazidagi janglar hali davom etmoqda, ammo keyinchalik Kupyansk to‘liq ozod etiladi”, deyilgan.
















