Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Xarkiv oblastining Kupyansk shahriga kirish joyida o‘rnatilgan stela oldida turib videomurojaat yo‘lladi. Holbuki yaqinda Rossiya prezidenti Vladimir Putinga ushbu shahar egallangani to‘g‘risida hisobot berilgandi. Shu kunlarda ukrain harbiylari Kupyansk hududida muvaffaqiyatli qarshi hujum uyushtirilgani va rossiyaliklarning bu yerdagi guruhi qurshab olingani haqida xabar berishdi.

Rossiya qo‘mondonligi Kupyansk yo‘nalishida muvaffaqiyatga erishayotganini ta’kidlashda davom etmoqda.

«Bugun – Kupyansk yo‘nalishi, qaysiki bizning jangchilar Ukraina uchun natijalarga erishayotgan joy. Kupyansk haqida rossiyaliklar ko‘p gapirishdi – biz esa ko‘rib turibmiz. Men yigitlarni tabrikladim», – degan Zelenskiy o‘z murojaatida, prezidentning so‘zlari fonida kamida bir marta portlash ovozi eshitilgan.

Ukrainaning «Xartiya» korpusi xabariiga ko‘ra, sentabr oyida Kupyanskda vaziyat og‘irlashganidan keyin, Ukraina qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni Oleksandr Sirskiy «Xartiya» qidiruv-zarbdor guruhini tuzgan.

Uning tarkibidan «Xartiya» brigadasi, Ukraina qurolli kuchlarining 92-shturm brigadasidan 475-shturm polki, Bosh razvedka boshqarmasi tarkibidagi Xorijiy legion hamda 144-mexanizatsiyalashgan brigada o‘rin olgan, bu guruh vazifasi Rossiyaning Kupyanskka yorib kirgan guruhini yo‘q qilish bo‘lgan.

«Xartiya»dagilarning 12 dekabr kuni bergan ma’lumotiga ko‘ra, guruh Oskol daryosi bo‘ylariga yetib borib, daryoning o‘ng sohilidagi rossiyaliklarni ta’minotdan uzib qo‘ygan.

«Xartiya» 2-korpusi qo‘mondoni Igor Obolenskiy «Ukrainskaya pravda» nashri bilan suhbatda bir necha oy muqaddam rossiyaliklar Oskol daryosidan o‘tib, Kupyansk ichkarisiga 6 km masofaga ilgarilagani, natijada shaharda va atrofdagi qishloqlardagi vaziyat o‘ta tang holatga tushganini aytib bergan.

Rossiyaliklar qurshovda qolgani to‘g‘risidagi bayonot

Korpus ma’lumotiga ko‘ra, Ukraina kuchlari Kupyanskdan shimolda joylashgan Kondrashovka qishlog‘ini, uning atrofidagi hududlar va o‘rmonzorni to‘liq ozod qilgan. «Xartiya» guruhining 13-brigadasi esa Radkovka qishlog‘i va uning atrofidagi hududlar ozod etilgani, shuningdek, rossiyaliklar Kupyansk shimolidagi kvartallardan ham siqib chiqarilgani haqida xabar bergan.

Bundan tashqari, «Ukrainskaya pravda»ga ko‘ra, ukrain qo‘shini rossiyaliklar Kupyanskka kirishda foydalangan gaz quvuridan chiqish joylarini nazorat ostiga olgan. Hozirda rossiyaliklarda ilg‘or bo‘linmalariga faqat dronlar orqali ta’minot yetkazib berish imkoniyati qolgan.