Farg‘ona shahrida Lacetti mashinasi bilan tanishini urib ketib, o‘ldirgan shaxs ishi sudda ko‘rib chiqilib, hukm o‘qildi. Kun.uz sud hujjati bilan tanishdi.
Ko‘chadagi oshkora qotillik
Hukmda keltirilishicha, ushbu jinoyat 1993 yilda tug‘ilgan F.Z. tomonidan sodir etilgan.
U 2025 yil 10 iyul kuni marhum M.A. ukasi haqida noo‘rin gaplarni tarqatib yurganini vaj qilib, uni qasddan o‘ldirish rejasini tuzgan. F.Z. Lacetti mashinasini Farg‘ona shahri O‘zbekiston ovozi ko‘chasi bo‘ylab boshqarib borib, yo‘lning qarama-qarshi tomonida to‘xtagan. So‘ngra Lixiang L9 mashinasida o‘tirgan M.A. oldiga borib, avtomobil eshigini ochmoqchi bo‘lgan. Biroq mashina eshigi ichkaridan qulflangani sabab ocholmagan.
Shundan so‘ng F.Z. o‘zi bilan olib kelgan pichoq yordamida mashinaning haydovchi tomon oynasini sindirgan. M.A. uning tajovuzidan himoyalanish maqsadida yon o‘rindiqqa o‘tib, mashina eshigini ochgan va undan tushib qochgan. F.Z. uning ortidan quvib yetolmagan. Keyin o‘z mashinasiga qaytib, Lacetti’da M.A. ortidan quvgan va uni qasddan katta tezlikda urib ketgan. Oqibatda og‘ir tan jarohati olgan M.A. vafot etgan.
“Qasddan urib ketmadim”
F.Z. sudda aybiga iqror bo‘lmagan va M.A.ni qasddan urib ketmaganini, aslida ular o‘rtoq bo‘lishganini aytgan.
“M.A.ni 2000 yildan buyon taniyman. 2009 yili Olimpiya zaxiralari sport kollejida birga o‘qiganmiz. Aslida, o‘rtoq bo‘lganmiz. Hatto o‘zimga tegishli xonadonda birga yashaganmiz. Har xil gaplar sababli munosabatlarimiz biroz buzilib qolgandi. Voqeadan 20 kun avval kafeda u bilan qo‘l tashlashib, o‘rtamizdagi masala yopilgan. Shundan keyin yana kimdir noo‘rin gap-co‘z tarqatib, o‘rtamizni buzishga harakat qildi.
M.A.ning mashinasini yo‘lda ko‘rib qolib, u bilan so‘rashib olmoqchi bo‘ldim. Yo‘lning qarama-qarshi tomonida to‘xtab, yo‘ldan o‘tdim va M.A.ning mashinasini ochmoqchi bo‘ldim, lekin ichidan qulflangan ekan. M.A. mashina ichida o‘tirib, so‘kinib yubordi. Shunda jahlim chiqib, mashina oynasini bir necha marotaba qo‘lim bilan urdim. Oqibatda qo‘li sindi. M.A. mashinaning narigi eshigidan tushib, qochib ketdi. Uni biroz quvladim, ammo yetolmadim.









