Jahon | 08:31
2949
3 daqiqa o‘qiladi

Uitkoff Berlindagi uchrashuvdan so‘ng: o‘t ochishni to‘xtatishga yaqinlashdik

Berlinda Zelenskiy, Uitkoff va Kushner 20 banddan iborat tinchlik yo‘lidagi reja, iqtisodiy masalalar va boshqa mavzular bo‘yicha “chuqur muhokamalar” o‘tkazgan, deb yozdi AQSh prezidentining maxsus vakili.

Foto: Telegram / V_Zelenskiy_official

Berlinda Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy bilan uchrashuv chog‘ida Kreml boshlagan jang harakatlarini to‘xtatish yo‘lida “sezilarli olg‘a siljish”ga erishilgan. Bu mazmundagi bayonot AQSh prezidenti Donald Trampning maxsus vakili — Stiven Uitkoffning yakshanba kuni, 14 dekabr, X ijtimoiy tarmog‘ida qoldirgan yozuvida keltirilgan.

Uitkoff qayd etishicha, Ukrainada ehtimoliy o‘t ochishni to‘xtatish masalasi bo‘yicha amerikalik va ukrainalik delegatsiyalar o‘rtasidagi maslahatlashuvlar 5 soatdan ortiq davom etgan. Uchrashuvda Trampning maslahatchisi va kuyovi Jared Kushner ham ishtirok etgan.

Uitkoff postida aytilishicha, tomonlar 20 banddan iborat tinchlik yo‘lidagi reja, iqtisodiy masalalar va boshqa mavzular bo‘yicha “chuqur muhokamalar” o‘tkazgan.

Germaniya kansleri Fridrix Mers ham muhokamalarning boshida hozir bo‘lgan, keyin esa dpa ma’lumotiga ko‘ra, o‘z vakilini qoldirib, uchrashuvni tark etgan.

«Biz Ukrainada mustahkam tinchlik istaymiz», — deb yozgan Mers X ijtimoiy tarmog‘ida. «Oldimizda murakkab masalalar turibdi, biroq olg‘a siljishga qat’iy bel bog‘laganmiz», — deb qo‘shimcha qilgan u.

Dushanba kuni, 15 dekabr, maslahatlashuvlar davom ettiriladi. AFP agentligi eslatishicha, kechqurun muzokaralarga Yevropa davlatlari va hukumatlari rahbarlari, shuningdek YeI va NATO rahbarlari ham qo‘shiladi.

Bundan avval Reuters agentligi xabar berishicha, Ukraina prezidenti WhatsApp chatida jurnalistlar savollariga javob berar ekan, tinchlik takliflarida murosalar bo‘lishini aytgan. Xususan, Reuters yozishicha, Kiyev NATOga a’zo bo‘lish o‘rniga AQSh, Yevropa va boshqa hamkorlar tomonidan yuridik majburiy xavfsizlik kafolatlarini qabul qilishga tayyor.

Shuningdek, Reuters qayd etishicha, 14 dekabr kuni Volodimir Zelenskiy jang harakatlarini frontning hozirgi chizig‘i bo‘yicha muzlatishni “adolatli variant” deb atagan. Rossiya esa avval ham bir necha bor Kiyevdan Ukraina qo‘shinlarini hatto RF Qurolli kuchlari egallay olmagan Donetsk va Luxansk viloyatlarining ayrim qismlaridan ham olib chiqishni talab qilgan.

Mavzuga oid