Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Zelenskiy va Uitkoff 15 dekabrda Germaniyada muzokaralarni davom ettiradi
Germaniya kansleri Mers Ukraina prezidenti Zelenskiyni hamda Uitkoff va Kushner tarkibidagi Amerika delegatsiyasini qabul qildi. Federal kansler idorasida o‘tgan muzokaralarda u qisman ishtirok etdi.
Berlinda federal kansler idorasida Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy hamda AQSh prezidenti elchilari — Stiven Uitkoff va Jared Kushner o‘rtasidagi muzokaralar yakunlandi. Besh soatlik fikr almashinuvidan so‘ng, dushanba kuni muzokaralarni qayta tiklash bo‘yicha kelishuvga erishildi, deya ma’lum qildi Zelenskiyning maslahatchisi Dmitriy Litvin yakshanba, 14 dekabrda. Uning aytishicha, Ukraina prezidenti dushanba kuni vaziyatni izohlaydi.
Bundan avval Germaniya kansleri Fridrix Mers Berlinda Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiyni qabul qildi. Zelenskiy Germaniya poytaxtiga Amerika delegatsiyasi bilan muzokaralar uchun kelgan. Vashington vakillari, jumladan AQSh prezidenti Donald Trampning kuyovi Jared Kushner va maxsus vakil Stiven Uitkoff federal kansler idorasiga kelganidan keyin Mers ukrain rahbarini kanslerlik ofisida qarshi oldi.
Shundan so‘ng Zelenskiy va Amerika delegatsiyasi o‘rtasida muzokaralar boshlandi. Kansler shaxsan uch muzokarachini, shuningdek Ukraina Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashi kotibi Rustem Umerovni qarshi olgan. Ta’kidlanishicha, Mers Ukraina—AQSh muzokaralarida ishtirok etmadi, biroq muzokara xonasida kanslerning tashqi siyosat bo‘yicha maslahatchisi Gyunter Zautter hozir bo‘lgan.
Avvalroq Zelenskiy Berlinda ukrainalik, amerikalik va yevropalik vakillar ishtirokida bir qator uchrashuvlar o‘tkazilishini e’lon qilgan edi. «Eng muhimi, men prezident Trampning elchilari bilan uchrashaman, shuningdek yevropalik hamkorlarimiz, ko‘plab liderlar bilan urushni tugatish bo‘yicha tinchlik — ya’ni siyosiy yechimni o‘rnatish masalalariga doir uchrashuvlar bo‘ladi», — deb yozgan u ijtimoiy tarmoqlarda.
Shu orada Reuters agentligi xabar berishicha, Ukraina prezidenti WhatsApp chatida jurnalistlar savollariga javob berar ekan, tinchlik takliflarida murosalar bo‘lishini aytgan. Xususan, xabarda keltirilishicha, Kiyev NATOga a’zo bo‘lish o‘rniga AQSh, Yevropa va boshqa hamkorlar tomonidan yuridik majburiy xavfsizlik kafolatlarini qabul qilishga tayyor. Reuters qayd etishicha, 14 dekabr kuni Volodimir Zelenskiy jang harakatlarini frontning hozirgi chizig‘i bo‘yicha muzlatishni “adolatli variant” deb atagan. Rossiya esa avval ham bir necha bor Kiyevdan Ukraina qo‘shinlarini hatto RF Qurolli kuchlari hali egallay olmagan Donetsk va Luxansk viloyatlari hududlaridan ham olib chiqishni talab qilgan.
Shu bilan birga, RF prezidenti yordamchisi Yuriy Ushakov fikricha, Ukrainaga na RF tomonidan qo‘shib olingan Qrimni qaytarib olish, na Shimoliy Atlantika alyansiga a’zo bo‘lish nasib etmasligini aytdi. «Bularning hech biri unga (Volodimir Zelenskiyga — tahr.) nasib qilmaydi. Qrim masalasida — bu temir-beton, million foiz, amalga oshmaydi. NATO masalasida ham — menimcha, million foiz, amalga oshmaydi», — dedi Ushakov «Moskva. Kreml. Putin» dasturiga bergan intervyusida. «Interfaks» agentligi ushbu intervyudan parchani keltirdi.
Mavzuga oid
16:47 / 10.06.2026
Ukraina «Flamingo» raketalari bilan Cheboksarga zarba berdi
10:00 / 10.06.2026
Germaniya Ukraina uchun yana 300 million yevro ajratadi
10:40 / 09.06.2026
Yevropaning yangi avlod jangovar samolyoti loyihasi to‘xtatildi
10:25 / 09.06.2026