Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Bloomberg: Rossiyaning Urals nefti narxi 34 dollargacha tushib ketdi
AQSh sanksiyalari fonida Rossiyaning Urals markali nefti bir barreli 34 dollargacha quladi, deb xabar beradi Bloomberg. RFdan neft jo‘natishda sotuvchilar bir barrel uchun taxminan 27 dollar miqdorida chegirma taklif qilishga majbur bo‘lmoqda.
Foto: TASS/dpa
Rossiyaning asosiy eksport nefti — Urals markasining narxi bir barreli uchun taxminan 34 dollargacha pasaydi. Bu AQSh tomonidan mazkur sohadagi eng yirik kompaniyalar — “Rosneft” va “Lukoyl”ga qarshi joriy etilgan sanksiyalar fonida ro‘y berdi. Argus Media kompaniyasi ma’lumotlariga tayanilgan ushbu ma’lumotlarni Bloomberg agentligi dushanba kuni, 22 dekabrda e’lon qildi.
19 dekabr kuni Boltiq dengizi portlaridan yetkazib berish sharti bilan Urals nefti bir barrelini 34,82 dollarga, Qora dengiz portlaridan yetkazib berishda esa 33,17 dollarga sotib olish mumkin bo‘lgan. Taqqoslash uchun: shu kuni etalon Brent markasining narxi 61 dollarni tashkil etgan. Bloomberg qayd etishicha, bir yil ichida Brent narxi Urals'ga qaraganda ancha kamroq pasaygan — bu esa sanksiyalar ta’sirini ko‘rsatadi.
Argus ma’lumotlariga ko‘ra, hozir Rossiyadan jo‘natilganda Urals'ga berilayotgan chegirmalar o‘rtacha 27 dollar atrofida. Neft Hindistonga yetib borgandan keyin chegirma taxminan 7,5 dollargacha kamayadi. Shu bilan birga, Bloomberg yozishicha, Rossiya yonilg‘isining ancha past narxi neftni qayta ishlash zavodlarini sanksiyalarga e’tibor bermasdan uni sotib olishga undamoqda.
Bloomberg 16 dekabr kuni ham Argus Media ma’lumotlariga tayangan holda, Rossiya eksportchilari hozir Boltiq, Qora va Yapon dengizlari portlaridan yuklashlar uchun bir barrelga 40 dollardan sal ko‘proq pul olayotganini yozgan edi. O‘shanda ham agentlik “Rossiya nefti narxlari Ukrainadagi urush boshlanganidan beri eng past darajada” ekanini ta’kidlagan.
Rossiyaning neft qazib oluvchi “Lukoyl” va “Rosneft” kompaniyalari, shuningdek ularning 34 ta shu’ba tuzilmasi joriy yil oktyabr oyida Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushini davom ettirayotgani fonida Vashington va London sanksiyalariga tushdi. AQSh o‘shanda urushni tugatish bo‘yicha tinchlik jarayonida “Rossiya tomonidan jiddiy qiziqish yo‘qligi”ni bildirgan.
18 dekabr kuni esa Buyuk Britaniya hukumati 24 ta jismoniy va yuridik shaxsga nisbatan sanksiyalar kiritdi, ular orasida Rossiyaning “Tatneft”, “Russneft”, “Rusneftegaz” va “NNK-Oyl” neft kompaniyalari ham bor. Shu kuni Yevropa Ittifoqi Rossiyaning “soya floti”ga tegishli 41 ta tankerni qora ro‘yxatga kiritdi. Shu bilan sanksiyalar ostidagi kemalarning umumiy soni 600 ga yaqinlashdi.
Mavzuga oid
10:31
RF dronlari Odessadagi port infratuzilmasiga zarar yetkazdi
10:01
Bashar Asadning Moskvadagi hayoti: u nimalar bilan mashg‘ul?
21:28 / 22.12.2025
Shavkat Mirziyoyevning Rossiyaga amaliy tashrifi yakunlandi
20:33 / 22.12.2025