Prezident giyohvandlik xavfi tobora kuchayib, globallashuv sharoitida bu xavf O‘zbekistonni ham chetlab o‘tmayotganini ta’kidladi. Aytilishicha, narkotik savdosi transchegaraviy hamda virtual xarakterga ega bo‘lib borayotgani jinoyatlarni aniqlashda yangi usullarni qo‘llash, zamonaviy bilim va ko‘nikmalarni egallashni talab qilmoqda.

Ma’lum qilinishicha, mazkur yo‘nalishda yaqinda Milliy dastur qabul qilingan. Endi narkojinoyatlarga qarshi kurash umummilliy harakatga aylantirilib, jamiyatda bu illatga nisbatan murosasiz muhit shakllantiriladi.

Davlat rahbari yoshlarni giyohvandlik xavfidan asrash, giyohvandlikni tag-tomiri bilan yo‘qotish va yoshlarda ma’naviy-ruhiy immunitetni kuchaytirish bo‘yicha barcha kuch va imkoniyatlar safarbar etilishini bildirdi.