O‘zbekiston | 08:50 / 29.12.2025
996
2 daqiqa o‘qiladi

2026 yildan QQS tushumlarining bir qismi mahalliy budjetlarga yo‘naltiriladi

Prezident qaroriga muvofiq, 2026 yil 1 yanvardan QQS tushumlaridan Toshkent shahri mahalliy budjetiga 5 foiz, boshqa hududlar mahalliy budjetlariga 20 foiz ajratiladi. 

Foto: Getty Images

Asosiy o‘zgarishlar (2026 yil 1 yanvardan):

QQS tushumlari taqsimoti: QQSdan tushgan tushumlardan Toshkent shahriga 5 foiz, qolgan hududlar mahalliy budjetlariga 20 foiz o‘tkaziladi

Tuman (shahar) budjetlariga ajratmalar me’yorlari: mahalliy budjetlarga kelib tushadigan QQS, foyda solig‘i, benzin/dizel yonilg‘isi va gazni yakuniy iste’molchiga realizatsiya qilishda to‘lanadigan aksiz solig‘i, davlat boji, jarima va yig‘imlar hisobidan tushadigan daromadlardan tuman (shahar) budjetlariga ajratmalar me’yorlari belgilanadi. 

Yig‘imlar: xalq deputatlari tuman va shahar kengashlariga ayrim mahsulotlarini realizatsiya qilish huquqi uchun (shu jumladan umumiy ovqatlanish korxonalari tomonidan) yig‘imlarning cheklangan stavkalarini 20 foizgacha oshirish vakolati beriladi; mazkur yig‘imlardan tushgan tushumlar to‘liq tuman (shahar) budjetlariga yo‘naltiriladi. 

Qo‘shimcha daromad manbalari:

qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarni to‘g‘ridan to‘g‘ri ijaraga berishdan davlat budjetiga o‘tkazilishi belgilangan mablag‘lar tegishli tuman (shahar) budjetlariga yo‘naltiriladi;
dehqon bozorlari, ixtisoslashtirilgan va buyum bozorlaridan respublika budjetiga tushgan soliqlar infratuzilmani yaxshilash uchun ushbu bozorlar joylashgan tuman (shahar) budjetlariga o‘tkaziladi. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid