Bog‘bon Mahbubaxon Muxtorovaning aytishicha, bu yil kuz sovuq kelib, ko‘plab bog‘bonlarning uzumini sovuq urib ketgan.




“Uzumlarni tokning o‘zida saqlab, atrofini o‘rab qo‘yganingiz bilan meva o‘zi-o‘zidan chiroyli bo‘lib turmaydi. Harakatni sentabr oyidan boshlaymiz. Kuyib-pishib mehnat qilsangizgina niyatingizga erishasiz, mehnatga yarasha qo‘lingiz pul ko‘radi. Uzumni ayniqsa yomg‘irdan himoya qilish kerak. Yomg‘ir ko‘p yog‘sa, tom suvga to‘ladi. Issiqxona buzilmasligi uchun ichkariga maxsus to‘sinlar o‘rnatib chiqamiz. Plyonka suvga to‘lsa ichkaridan suvini teshib tushiramiz.

Kunlar biroz ilisa, maxsus tuynuklarni ochib, ichkariga havo beramiz. Havo bermasangiz, uzumlar qorayib ketadi. Qoraygan uzumlar esa mazasini yo‘qotadi. Meva atrofidagi barglarni ham olib chiqqanmiz. Sababi bargda nam qolsa, undan uzumga suv tomadi, keyin meva chiriydi.


Kechasi pechkaga o‘tin, ko‘mir solib ichkarini isitamiz. Ortiqcha isitib yuborsangiz ham uzum yumshab, sifati buziladi. Iloji boricha uzumlarni sovuq oldirmaslikka harakat qilamiz. Kuzning boshida havo sovuq keldi. Ko‘pchilikning hosilini sovuq urib ketdi. Shu sovuqlarda, shamol kuchli esgan kunlari ham atrofni o‘rab, ehtiyot qildik”, deydi bog‘bon opa.
Ayni paytda ishkomda saqlanayotgan 1 kg uzum 25 ming so‘mdan sotilayotgan ekan.
Sarvar Ziyoyev,
Sardor Mamirov,
Kun.uz










