Davlat fuqarolik xizmatini meritokratiya, halollik va professionallik tamoyillari asosida tashkil etish yo‘nalishida bir qator vazifalar belgilanmoqda.
Jumladan, davlat fuqarolik xizmatining boshqaruv va mutaxassis kadrlar toifasidagi lavozimlarini egallash to‘liq malaka darajasiga asoslangan karera modeli bo‘yicha tanlovlar orqali amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, Edu.argos.uz masofaviy ta’lim platformasi orqali davlat fuqarolik xizmatchilarining onlayn malaka oshirish qamrovini 100 foizga yetkazish rejalashtirilmoqda. Bundan tashqari, “Davlat xizmatchisi” mobil ilovasidan foydalanayotgan davlat fuqarolik xizmatchilari ulushini ham umumiy sonidan 100 foizga yetkazish maqsad qilingan.
Kadrlar salohiyatini oshirish maqsadida istiqbolli va talab yuqori bo‘lgan mutaxassisliklar bo‘yicha vazirlik va idoralar, iqtisodiyot tarmoqlarining strategik korxonalari, shuningdek, yetakchi oliy ta’lim muassasalari hamda tadqiqot va tahliliy markazlarining kamida 200 nafar xodimlari uchun 1 oydan 6 oyga qadar muddatga maqsadli stajirovka o‘tashini tashkil etish vazifasi belgilanmoqda.
Bundan tashqari, “El-yurt umidi” jamg‘armasi bitiruvchilarining yillik ijtimoiy, iqtisodiy va institutsional ijobiy ta’sir ko‘rsatkichlari o‘rtacha 0,8 koeffitsiyentdan kam bo‘lmasligini ta’minlash (ishlab berish majburiyati to‘liq o‘talgunga qadar) nazarda tutilgan.







