Shveytsariyada umumiy fuqarolik xizmati haqidagi referendum, ya’ni erkaklar uchun majburiy harbiy yoki muqobil fuqarolik xizmatini barcha fuqarolar uchun majburiy fuqarolik xizmati bilan almashtirish to‘g‘risidagi tashabbus, shuningdek boylar uchun meros solig‘ini joriy etish haqidagi referendum muvaffaqiyatsiz yakunlandi. Yakshanba, 30 noyabr kuni, ovozlarni sanab chiqish tugamasidan avvalroq rasmiylar ushbu tashabbuslar Shveytsariya kantonlarining ko‘pchiligida qo‘llab-quvvatlanmaganini ma’lum qildi.
Shveytsariyada tashabbuslarni qabul qilish sharti sifatida, mamlakat bo‘ylab “ha” degan ovozlarning ko‘pchiligidan tashqari, takliflar kantonlarning ko‘pchiligida ham qo‘llab-quvvatlanishi talab etilardi.
Dastlabki natijalarga ko‘ra, SRF jamoat-huquqiy teleradiokorporatsiya xabarida aytilganidek, shveysariyaliklarning 84 foizi majburiy fuqarolik xizmatiga qarshi ovoz bergan. Referendum ishtirokchilarining 79 foizi boylar uchun meros solig‘ini joriy etish to‘g‘risidagi taklifni ham rad etgan.
Shveytsariyada umumiy fuqarolik xizmati haqidagi tashabbus barcha fuqarolar uchun xizmat o‘tash majburiyatini joriy etishni nazarda tutadi — harbiy qismlarda yoki tabiiy ofatlardan himoya xizmatlarida, sog‘liqni saqlash sohasida yoki ijtimoiy sohada. Hozirgi kunda Shveytsariyada xizmat o‘tash majburiyati faqat erkaklarga taalluqli, ular harbiy xizmat va muqobil fuqarolik xizmati o‘rtasida tanlash huquqiga ega. Ayollar esa harbiy xizmatni xohishiga ko‘ra o‘tashi mumkin.
Shveytsariya hukumati va parlamentdagi partiyalarning ko‘pchiligi umumiy fuqarolik xizmati joriy etish g‘oyasini rad etdi. Tanqidchilarning ta’kidlashicha, bunday holda mehnat bozori juda ko‘p ishchi kuchidan mahrum bo‘ladi. Shuningdek, bu tashabbusni moliyalashtirish ham juda qimmatga tushishi qayd etildi. Umumiy fuqarolik xizmati joriy etilishini faqat liberal “Yashil” yoshlar partiyasi (GLP) va Yevangelik xalq partiyasi (EVP) qo‘llab-quvvatladi.
Shveytsariyada boylar uchun meros solig‘ini joriy etish tashabbusi Sotsial-demokratik partiyaning yoshlar tashkiloti (Jungsozialisten, JUSO) tomonidan ilgari surilgan. Unga ko‘ra, 50 million frankdan (qayta hisob-kitobda taxminan 54 million yevro) ziyod mol-mulk meros tariqasida o‘tganda, bu summaning 50 foizidan “iqlim inqiroziga qarshi ijtimoiy adolatli kurash hamda shu maqsadda iqtisodiyotni tubdan o‘zgartirish” uchun voz kechish lozim edi.
Bunday soliq joriy etilishiga bir qator siyosiy partiyalar va iqtisodiy uyushmalardan iborat keng front qarshi chiqdi. Ular, jumladan, qo‘shimcha soliq yuki sababli boy shveysariyaliklar xorijga ko‘chib o‘tishi, bu esa umumiy soliq tushumlarining kamayishiga olib kelishi mumkinligidan ogohlantirdi.







