Jahon | 13:58 / 06.01.2026
1283
3 daqiqa o‘qiladi

Rossiyada umrbod qamoq jazosiga hukmlar soni 2005 yildan beri eng yuqori darajaga chiqdi

2025 yil yanvar–noyabr oylarida Rossiya sudlari 100 ta umrbod ozodlikdan mahrum etish hukmini chiqargan. Bu kamida 2005 yildan beri rekord: o‘shanda bunday jazo 84 kishiga tayinlangan edi.

Foto: Artem Geodakyan / TASS

2025 yil yanvar–noyabr oylarida Rossiya sudlari 100 ta umrbod qamoq hukmini chiqargan. Bu haqda TASS davlat agentligi mamlakat Oliy sudi matbuot xizmatiga tayanib xabar berdi. Bu — so‘nggi yillarda umrbod jazolar soni bo‘yicha eng yuqori ko‘rsatkich.

Avvalgi rekord 2005 va 2012 yillarda qayd etilgan: har ikki yilda ham 84 tadan shunday jazo tayinlangan. 2020 yilda sudlar 66 ta umrbod hukm chiqargan, 2021 yilda — 47 ta, 2022 yilda — 58 ta, 2023 yilda — 78 ta, 2024 yilda — 79 ta. Umuman olganda, 2005–2024 yillar orasida 1316 nafar erkak umrbod jazoga hukm qilingan. Rossiyada ayollarga, voyaga yetmaganlarga va pensionerlarga bunday jazo tayinlanmaydi.

TASS Rossiya Oliy sudining 2025 yilda umrbod hukmlar nega keskin ko‘payganiga doir izohlarini keltirmadi. Biroq agentlik qayd etishicha, oxirgi yillarda bunday jazo Rossiya Jinoyat kodeksining bir nechta moddalariga qo‘shilgan. Ular qatorida — davlatga xiyonat, teraktni tashkil etish yoki uni sodir etishga jalb qilish ham bor.

Rossiyada davlatga xiyonat (JK 275-modda) va josuslik (JK 276-modda) bo‘yicha chiqarilgan hukmlar soni 2025 yilda 1997 yildan — ya’ni RF Jinoyat kodeksi amal qila boshlaganidan beri — eng yuqori darajaga chiqqan. Parubets Analytics markazi “Birinchi bo‘lim” huquqni himoya qilish loyihasi uchun tayyorlagan tadqiqotda qayd etilishicha, yanvardan boshlab bu ayblovlar bo‘yicha 468 nafar kishi sudlangan.

Statistikada chet elliklar bilan maxfiy hamkorlik qilish (JK 275.1-modda) va dushmanga yordam berish (JK 276.1-modda) ishlari ham inobatga olingan. Ushbu to‘rt modda bo‘yicha allaqachon hukm qilinganlardan tashqari, kamida yana 420 kishi tergov ostida. Ularning 179 nafari ish materiallari sudlarga yuborilgan. 2025 yilda bunday ishlar bo‘yicha oqlov hukmlari chiqarilmagan.

“Josuslik” ishlarida ayblanayotganlarning eng katta guruhini siyosiy faoliyatga aloqasi bo‘lmagan Rossiya fuqarolari tashkil etadi: talabalar, IT-mutaxassislar, o‘qituvchilar, korxona xodimlari va tadbirkorlar. Ikkinchi o‘rinda — Ukraina fuqarolari, asosan anneksiya qilingan hududlarda yashovchilar. Keyin esa urushga qarshi va jamoatchilik faollari hamda akademik jamoa vakillari keladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid