14 yanvar kuni Tehron AQShning Yaqin Sharqdagi ittifoqchilarini ogohlantirdi. Unga ko‘ra, agar AQSh Eronga hujum qilsa, Tehron Yaqin Sharq davlatlari hududidagi AQSh bazalariga zarba beradi.
Bu haqda Reutersʼga anonimlik sharti bilan gapirgan Eronning yuqori martabali rasmiysiga ko‘ra, Tehron mintaqadagi AQSh ittifoqchilaridan «Vashingtonni Eronga hujum qilishdan to‘xtatishni» so‘raganini aytdi.
«Tehron – Saudiya Arabistoni va BAAdan tortib Turkiyagacha bo‘lgan mintaqa davlatlariga agar AQSh Eronga zarba bersa, ularning hududidagi AQSh bazalari hujumga uchrashini aytdi», — dedi u.
Rasmiy shuningdek, Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Araqchi bilan AQSh maxsus vakili Stiv Uitkoff o‘rtasidagi bevosita aloqalar to‘xtatilganini qo‘shimcha qildi. Bu esa keskinlik kuchayayotganini aks ettiradi.
Eron davlat OAVlari xabariga ko‘ra, mamlakatning eng yuqori xavfsizlik organi rahbari Ali Larijoniy Qatar tashqi ishlar vaziri bilan gaplashgan. Abbos Araqchi esa BAA va Turkiya tashqi ishlar vazirlari bilan muloqot qilgan.
Araqchi BAA tashqi ishlar vaziri Shayx Abdulloh bin Zoidga «vaziyat tinchlangani»ni va eronliklar har qanday tashqi aralashuvga qarshi o‘z suvereniteti va xavfsizligini himoya qilishga qat’iy bel bog‘laganini aytgan.
AQSh tahdidlari ortidan
Eronning bu ogohlantirishi AQSh prezidenti Donald Trampning namoyishchilarni qo‘llab-quvvatlash uchun aralashish haqidagi tahdidlaridan keyin yangradi.

Tramp seshanba kuni CBS Newsʼga bergan intervyusida agar Eron namoyishchilarni qatl etsa, «juda qat’iy choralar» ko‘rilishini va’da qildi. Shuningdek, Tramp eronliklarni norozilikni davom ettirishga chaqirib, «yordam yo‘lda» ekanini aytdi, biroq tafsilot bermadi.
Bundan tashqari, AQSh Davlat departamenti seshanba kuni amerikaliklarni Erondan zudlik bilan chiqib ketishga chaqirdi.


















