Eronda 28 dekabr kuni boshlangan norozilik namoyishlari 17 kundirki davom etmoqda. Shu bilan birga, 13 yanvar kun davomidagi aksiyalar soni eng kam bo‘lgan kunga aylandi – sharqshunos Nikita Smaginning ma’lumotiga ko‘ra, oltita viloyatda jami 14 joyda kichik namoyishlar bo‘lib o‘tgan. Uning kuzatuvlariga ko‘ra, 13 yanvardagi yirik aksiyalar haqida hech qanday dalil paydo bo‘lmadi va faqat ikki joyda namoyishga yig‘ilganlar soni 100 nafardan oshgan. Bu norozilikning so‘nishi bilan bog‘liqmi yoki eronliklar bir-biri bilan ham, tashqi dunyo bilan ham aloqaga chiqa olmayotgani bilanmi – bunisi noma’lum.
NetBlocks loyihasi ma’lumotlariga ko‘ra, Eronda internet ishlamayotganiga 100 soatdan oshdi. Aftidan, eronliklar endi Starlink tizimlaridan ham foydalana olmayapti, so‘nggi kunlarda sun’iy yo‘ldosh interneti mamlakatdagi vaziyatni tashqi dunyoga yetkazish uchun yagona vosita bo‘lib turgandi. Telefon aloqasi ham cheklangan: Associated Press xabariga ko‘ra, Tehrondan bir necha kishi ularning Dubaydagi muxbiri bilan aloqaga chiqishgan, biroq keyin ularga qayta ulanib bo‘lmagan. Agentlik suhbatdoshlari Eron poytaxtida bir nechta hukumat binolari yoqib yuborilgani, shahar markazi xavfsizlik kuchlari bilan to‘lgani, ular yo‘lovchilarni to‘xtatib so‘roqqa tutayotgani, shuningdek, uylarga bostirib kirib, Starlink terminallarini qidirishayotganini aytib berishgan.
Eronda namoyishlarning oldingi 16 kuni davomida kamida 646 kishi halok bo‘lgan. Xorijda faoliyat olib boruvchi eronlik huquqshunoslarning HRANA guruhi ma’lumotlariga ko‘ra, qurbonlarning 505 nafari namoyishchilar (shu jumladan, to‘qqiz nafari voyaga yetmagan bolalar), 133 nafari huquq-tartibot idoralari xodimlari va harbiylardir, shuningdek bir nafar prokuror hamda namoyishlar ishtirokchisi bo‘lmagan yana yetti fuqaro o‘ldirilgan. Namoyishlar boshlanganidan beri 10 700 dan ortiq odam hibsga olingan. O‘z navbatida, Eron hukumati vakili anonim tarzda Reuters agentligiga ma’lum qilishicha, halok bo‘lganlar soni allaqachon 2000 kishiga yetgan. Ijtimoiy tarmoqlarda Tehron viloyatining Qahrizoq shahridagi o‘likxonada jasadlar solingan qoplardagi o‘nlab jasadlar aks etgan kadrlar tarqalgan.
Namoyishlar fonida birinchi o‘lim hukmi e’lon qilingani ma’lum bo‘ldi. Kurdlarning Hengaw inson huquqlari tashkiloti Fardis shahrida yashovchi 26 yoshli Efron Soltaniyni qatl etishmoqchiligini ma’lum qildi. U 8 yanvar kuni hibsga olingan, 12 yanvar kuni esa uning oilasi Efranga o‘lim jazosi tayinlanganidan xabar topgan. Hukm ijrosi 14 yanvarga belgilangan. Soltaniyning yaqinlari unga qanday ayb qo‘yilgani va sud qachon bo‘lib o‘tganini bilishmaydi. «Biz ilgari hech qachon sud ishi bunchalik tez bo‘lib ketganini ko‘rmaganmiz. Hukumat odamlarni taslim qilish va qo‘rquv uyg‘otish uchun barcha usullarni qo‘llamoqda», – deya ta’kidlanadi Hengaw bayonotida.
















