Jahon | 15:00
886
4 daqiqa o‘qiladi

Grenlandiya Trampga “Oltin gumbaz” tizimi uchun zarur

AQSh prezidenti Donald Tramp Grenlandiya ustidan nazorat AQShning “Oltin gumbaz” (Golden Dome) raketaga qarshi mudofaa tizimini barpo etish uchun hal qiluvchi ahamiyatga ega ekanini bildirdi. Uning aytishicha, orolning AQShga o‘tishi jarayoniga NATO boshchilik qilishi kerak.

Foto: Alex Brandon/AP/Scanpix

AQSh prezidenti Donald Tramp Grenlandiyani “egallash” bo‘yicha rejalarini yana bir bor tasdiqladi. Uning ta’kidlashicha, ushbu Arktika oroli ustidan nazorat AQShning “Oltin gumbaz” nomli raketaga qarshi mudofaa (RQM) tizimini yaratish uchun hal qiluvchi ahamiyatga ega. Tramp bu haqda 14 yanvar, chorshanba kuni Truth Social platformasida yozgan.

Trampning fikricha, Grenlandiyaning AQSh nazoratiga o‘tishi jarayoniga NATO rahbarlik qilishi lozim. “Agar biz buni qilmasak, buni Rossiya yoki Xitoy qiladi”, — deb hisoblaydi u. Shuningdek, AQSh prezidenti orolning AQSh nazoratiga o‘tishi Shimoliy Atlantika alyansini “ancha qudratli va samarali” qiladi, deb ishonishini bildirgan. “Qolgan barcha variantlar qabul qilinmaydi”, — deya qo‘shimcha qilgan u.

Shu kuni Vashingtonda Daniya tashqi ishlar vaziri Lars Lyokke Rasmussen va Grenlandiya mustaqillik va tashqi ishlar vaziri Vivian Motsfeldt AQSh davlat kotibi Marko Rubio hamda vitse-prezident Jyey Di Vens bilan uchrashdi. Kun tartibida — Trampning Grenlandiya bo‘yicha rejalari atrofidagi vaziyat.

Yanvar boshida Tramp yana bir bor Grenlandiyani kuch ishlatib egallash mumkinligi bilan tahdid qilgan. “Grenlandiya masalasida biz nimadir qilamiz — ularga yoqadimi-yo‘qmi”, — degan u Oq uyda. Tramp AQSh milliy xavfsizligi manfaatlariga ishora qilib, Grenlandiya atrofida Rossiya va Xitoy kemalari “juda ko‘p” ekanini ta’kidlagan. “Biz Rossiya yoki Xitoy Grenlandiyani okkupatsiya qilishini qo‘ymaymiz”, — degan u. Shu bilan birga, AQSh buni qilmasa, “rossiyaliklar yoki xitoyliklar” Grenlandiyani egallab olishiga ishonch bildirgan.

Oq uy, shuningdek, Grenlandiya hokimiyatiga rasmiy Kopenhagenni chetlab o‘tib taklif etiladigan “erkin assotsiatsiya” kelishuvi loyihasini tayyorlayotgani aytilmoqda. Bunday shartnomaga ko‘ra, bojsiz savdo evaziga AQSh qurolli kuchlari orol hududida to‘liq erkin harakat qilish huquqiga ega bo‘lishi mumkin. Politico nashri ekspertlar va Vashingtondagi manbalarga tayanib, AQSh 2026 yil oxirigacha Grenlandiya ustidan nazorat o‘rnatishni maqsad qilganini xabar qilgan.

Daniya hokimiyati Grenlandiyaga bosim o‘tkazishni qabul qilib bo‘lmas holat deb atab, Arktika mintaqasi “o‘z kelajagini boshqa davlatlar aralashuvisiz o‘zi belgilashni istashi”ni ta’kidlamoqda. Grenlandiyadagi siyosiy partiyalar yetakchilari 9 yanvar kuni qo‘shma bayonot bilan chiqib, orol aholisi o‘z kelajagini o‘zi hal qilishi kerakligini bildirgan. YeI davlatlari bu qarama-qarshilikda Daniya va Grenlandiyani qo‘llab-quvvatlayotgani aytiladi.

Tramp “Oltin gumbaz”ni yaratish loyihasini 2025 yil may oyida taqdim etgan. AQShning ushbu raketaga qarshi mudofaa tizimi Isroilning “Temir gumbaz” (Iron Dome) tizimi namunasida yaratilishi va butun dunyodan, jumladan kosmosdan uchirilishi mumkin bo‘lgan raketalardan himoyalanish uchun mo‘ljallanishi aytilgan.

OAV ma’lumotlariga ko‘ra, tizim to‘rt darajali himoyadan iborat bo‘ladi: kosmik qatlamda — raketalarni aniqlash, ogohlantirish va kuzatish uchun nishon ko‘rsatish hamda RQM vazifalari, yer ustida esa uch qatlam — raketalarni ushlab qolish tizimlari, radar majmualari va ehtimol, lazerlardan iborat bo‘lishi mumkin. Loyiha qiymati 175 milliard yevroga baholanmoqda. Tizim 2028 yilda ishga tushirilishi rejalashtirilgan.

Mavzuga oid