Favqulodda vaziyatlar vazirligi (FVV) qutqaruvchilari Qamchiq dovonida ob-havoning keskin yomonlashuvi natijasida qiyin ahvolga tushib qolgan haydovchi va yo‘lovchilarga amaliy yordam ko‘rsatdi.
Ma’lum qilinishicha, FVV hamda tegishli xizmatlar xodimlari hamkorligida yo‘lda muzlamalar hosil bo‘lishining oldini olish maqsadida qum-tuz aralashmasini sepish ishlari olib borilgan. Bu choralar harakat xavfsizligini ta’minlash va transport oqimining barqarorligini saqlashga qaratilgan.
Ayni paytda Qamchiq dovonida holat barqaror, havo bulutli ekani bildirildi. FVV haydovchilardan yo‘l qoidalariga rioya qilish, tezlikni ob-havo sharoitiga moslashtirish va ehtiyotkorlikni kuchaytirishni so‘radi.















