Rossiyaning norasmiy tankerlari atrofidagi bahslarda Yevropa Ittifoqi tanqidga uchrayapti. Zelenskiy ham Davosdagi nutqida yevropaliklardan noroziligini bildirdi. Xo‘sh, AQSh qat’iy choralar ko‘rayotgan bir paytda, nega YeI yumshoq pozitsiya tanlayapti? Bu savolga Kun.uz'ning “Geosiyosat” dasturida siyosatshunoslar Kamoliddin Rabbimov va Umrbek Yusupov javob berdi.

AQSh Rossiyaning “soya floti” tankerlarini hibsga olyapti. Nega Yevropa Ittifoqi bunday qilmayapti?

Kamoliddin Rabbimov: Bu masalada bir nechta muhim jihatlar mavjud. Ulardan eng asosiysi – xalqaro huquq masalasidir.

Ikkinchi jahon urushidan keyin xalqaro suv yo‘llarida erkin harakatlanishni ta’minlash maqsadida ko‘plab qonunlar va konvensiyalar qabul qilingan. Yevropa Ittifoqi esa bugungi kungacha dunyo dengizlarida erkin suzishni himoya qilib kelayotgan sub’yektlardan biri hisoblanadi.

Xalqaro huquq va amaldagi konvensiyalarga ko‘ra, har bir davlatning dengizdagi hududiy suvlari mavjud. Bu hudud qirg‘oq chizig‘idan 22 kilometrgacha bo‘lgan masofani o‘z ichiga oladi va davlatning to‘liq ichki hududi hisoblanadi. Masalan, Janubiy Koreya, Shimoliy Koreya yoki Turkiya qirg‘oqlaridan 22 kilometrgacha bo‘lgan dengiz maydoni to‘g‘ridan to‘g‘ri ushbu davlatlarning suveren hududidir. 22 kilometrdan 44 kilometrgacha bo‘lgan hudud esa chegaradosh zona sanaladi. Bu hudud davlatning to‘liq ichki hududi bo‘lmasa-da, u yerda bojxona, fiskal, qonunchilik va immigratsiya masalalari bo‘yicha davlat organlari nazorat o‘rnatish va tekshiruv o‘tkazish huquqiga ega. Keyingi bosqich – eksklyuziv iqtisodiy zona bo‘lib, u qirg‘oqdan 370 kilometrgacha bo‘lgan dengiz hududini qamrab oladi. Bu zona doirasida davlat tabiiy resurslardan foydalanish bo‘yicha to‘laqonli huquqqa ega. 370 kilometrdan keyingi hududlar xalqaro erkin suvlar hisoblanadi.

Xalqaro suvlarda istalgan davlat kemalari hech qanday ruxsatsiz, erkin harakatlanish huquqiga ega. Hech bir davlat bu hududda kemalarni to‘xtatib, hujjat tekshirishga haqli emas.

Bugungi kunda dunyo bo‘ylab 5 mingdan ortiq tanker mavjud bo‘lib, ularning aksariyati neft va gaz tashiydi. Shulardan mingga yaqini Rossiyaga tegishli bo‘lib, bu tankerlar Rossiya neftining taxminan 80 foizini tashimoqda. Xalqaro sanksiyalar ostidagi davlatlar: Eron, Venesuela va Rossiya aynan xalqaro erkin suzish huquqidan foydalanib, o‘z neft va gazini yashirin yo‘llar bilan sotib kelmoqda. Rossiya nefti asosan Xitoy va Hindistonga yetkaziladi.