Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Politico: Rossiya Ukrainaga ZAES elektr energiyasini bo‘lishni taklif qildi
Moskva Zaporijjya AES (ZAES)dan ishlab chiqarilayotgan elektr energiyasini Ukraina va Rossiya o‘rtasida bo‘lishni istayapti. Bu masala Abu-Dabida muhokama qilingan, ammo hal etilmay qolgan, deb yozadi Politico. Bundan oldin Kiyev ZAESni RF bilan birgalikda boshqarish uning uchun qabul qilib bo‘lmasligini anglatgan edi.
Foto: Reuters/Scanpix/LETA
Abu-Dabida AQSh vositachiligida Ukraina va Rossiya o‘rtasida bo‘lib o‘tgan muzokaralar iqtisodiy masalalarga, shuningdek, Rossiya qo‘shinlari tomonidan okkupatsiya qilingan Zaporijjya atom elektr stansiyasini kim nazorat qilishiga qaratilgan, deb xabar beradi Politico.
Nashr 24 yanvar kuni e’lon qilingan maqolasida aytilishicha, Moskva Ukraina va Rossiya stansiyada ishlab chiqarilayotgan elektr energiyasini o‘zaro bo‘lishini talab qilmoqda, biroq bu borada hech qanday kelishuvga erishilmagan. Shu bilan birga, muzokaralar jarayonidan xabardor bo‘lgan AP agentligi manbasi ZAESdan keladigan energiyani “adolatli asosda” taqsimlash taklif qilinayotganini aniqlashtirgan.
O‘tgan yil dekabri oxirida Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy ZAESni Rossiya bilan birgalikda boshqarish g‘oyasini rad etgan edi. U qayd etganidek, agar Kiyev Zaporijjya atom elektr stansiyasidan keladigan elektr energiyasini bo‘ladigan bo‘lsa, u faqat AQSh bilan bo‘lishi mumkin. Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina RF bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri biznes qilishni istamaydi, shuning uchun bu masala hali ham kelishish (muvofiqlashtirish) bosqichida turibdi.
Yevropadagi eng yirik atom elektr stansiyasi bo‘lgan ZAES olti ta energoblokdan iborat bo‘lib, ularning umumiy quvvati 6000 MVtni tashkil etadi. U Energodar shahri yaqinida, Kaxovka suv omborining (suvi pasaygan) janubiy sohilida joylashgan. Rossiya Zaporijjya AESni 2022 yil mart oyida — keng ko‘lamli urush boshlanganidan ko‘p o‘tmay okkupatsiya qildi va uni “Rosenergoatom” AJ boshqaruviga o‘tkazdi.
ZAESning barcha reaktorlari to‘xtatilgan, ammo ular doimiy sovitishni talab qiladi. Sovitish tizimi tashqi elektr tarmog‘idan keladigan elektr bilan ta’minlanadi. Elektr ta’minoti uzilib qolgan hollarda esa energiyani dizel generatorlari ta’minlaydi.
Ukraina, Rossiya va AQSh delegatsiyalarining uchrashuvlari Abu-Dabida 23–24 yanvar kunlari bo‘lib o‘tdi. Uch davlat vakillari Rossiyaning qo‘shni mamlakatga harbiy bostirib kirishi boshlanganidan beri birinchi marta urushni to‘xtatish ehtimoli bo‘yicha to‘g‘ridan to‘g‘ri maslahatlashuvlar o‘tkazdi.
Muzokaralar boshlanishidan sal oldin Moskva Ukraina armiyasini butun Donbass hududidan, shu jumladan Rossiya qo‘shinlari egallay olmagan hududlardan ham olib chiqish haqidagi o‘zining eng yuqori talabini yana bir bor tasdiqladi. Ukraina buni qat’iy rad etadi.